Shoirning she’ridan ruxsasiz foydalangan yana bir xonanda Sardor Mamadaliyev jarimaga tortildi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi.

Unga ko‘ra, Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida farg‘onalik shoir Ilhomjon Komilovga tegishli “Sevilmagan yor kerak menga” nomli she’r xonanda Sardor Mamadaliyev tomonidan muallifning ruxsatisiz va belgilangan tartibda shartnoma tuzmasdan ijro etilgani aniqlangan.
Mazkur holat bo‘yicha Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177 prim 1-moddasi (mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzish) asosida huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli hujjatlar sudga yuborilgan.
Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudining qaroriga asosan, huquqbuzarga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177¹-moddasi birinchi qismi bilan BHMning ikki baravari — 750 000 so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
Qayd etilishicha, Adliya vazirligi mualliflik huquqlari buzilishining oldini olish va huquq egalarining qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida doimiy nazoratni davom ettiradi.
Bundan avval xonanda Feruza Karimova qo‘shiq ijrosida she’rdan ruxsatsiz foydalangani uchun muallifga 40 mln so‘mdan ziyod to‘laydigan bo‘lgandi.
Shuningdek, Rayhonning “Yaxshimasmi” qo‘shig‘ida she’rdan muallif ruxsatisiz foydalanilgani aniqlangandi. Shoir “Shamsiddin Sadoiy”ning Adliya vazirligiga qilgan murojaati asosida “Davlating borida”, “Omonat” va “Tingla do‘stim” nomli sheʼrlari xonanda Botir Qodirov tomonidan huquq egasi ruxsatisiz hamda tegishli tartibda mualliflik haqini to‘lamasdan foydalanilgani aniqlangan. Yana bir mashhur shoir xonanda Botir Qodirov ustidan Adliyaga shikoyat qilgan.
“Abdussamiy” taxallusi bilan bilan tanilgan shoir Shohrux Abduvohidovga tegishli “Qizg‘anaman”, “So‘nggi nafasgacha”, “Sog‘indim yomon” hamda “Dildora” nomli sheʼrlar xonanda Botir Qodirov tomonidan huquq egasi ruxsatisiz hamda tegishli tartibda mualliflik haqini to‘lamasdan foydalanilgan.
Kuni kecha esa Manzura va Murodjon Yo‘ldoshev “Azizim” qo‘shig‘ini muallif ruxsatisiz kuylagani maʼlum bo‘lgandi.
Izoh (0)