Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-avgust kuni Samarqandga tashrif buyurdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari tashrifini Imom Buxoriy maqbarasi ziyoratidan boshlagan. Maqbara joylashgan ziyoratgoh ziyoratchilarga sharoitlarni kengaytirish maqsadida ulkan majmuaga aylanirilmoqda. Ziyoratgoh umumiy maydoni 44 gektar etib kengaytirilgan. Mo‘tabar maqbara, 10 ming kishilik masjid va maʼmuriyat binosi qurib bitkazilgan. Majmuaning to‘rt burchagidagi 75 metrlik minoralar o‘rnatilgan.

Ayni paytda pardozlash ishlari olib borilmoqda. Peshtoqlar va ayvon devorlariga “Sahihi Buxoriy”dan hadislar bitilmoqda, deyiladi manbada.
Prezident majmua faqat ziyorat emas, ilm-maʼrifat, tarbiya va ibrat maskani bo‘lishi kerakligini taʼkidlagan. Imom Buxoriyning buyuk izlanishlari, bilimi va kamoloti bu yerga keluvchilar, ayniqsa, yoshlar uchun ezgu namuna bo‘lishi qayd etilgan.

Yangi majmuada innovatsion muzey ham tashkil etilmoqda. U islom olamida muhaddislar sultoni deya eʼtirof etilgan Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy merosi, islom maʼrifati rivojiga qo‘shgan hissasini namoyon etadi. Shuningdek, muzeyda Qurʼoni Karimda ismlari zikr qilingan 25 ta payg‘ambar tarixi, Muhammad alayhissalomning shajarasi, Makka va Madinadagi hayoti, hadislarning jamlanishi va yozilishi haqidagi maʼlumotlar joylashtiriladi.

Ziyoratgoh atrofida mehmonxona va boshqa xizmat ko‘rsatish binolari ham qurilish ishlari yakuniy bosqichga kirgan.
Davlat rahbari qurilishni sifatli bajarish, odamlarga qulayliklarni kengaytirish, majmua atrofida yashil maydonlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.
Ma’lumot uchun, 25-26-avgust kunlari Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn davlat tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ladi.
Samarqandda bo‘lib o‘tadigan oliy darajadagi muzokaralarda siyosiy, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Izoh (0)