Germaniyaning sobiq kansleri Angela Merkel mamlakat muhojirlarini integratsiya qilishda yaxshi natijalarga erishishiga ishonishini bildirdi. Bu haqda DW nashri yozdi.
Manbaga ko‘ra, 2015-yilda Merkel o‘n minglab qochqinlarga Germaniyaga kirish imkoniyatini bergan. O‘shanda u shunday degan: “Biz buni uddalaymiz.”

Sobiq hukumat rahbari ARD telekanali uchun tayyorlangan hujjatli filmda mamlakat muhojirlarni integratsiya qilish masalasida sezilarli yutuqlarga erishilganini va bu boradagi ishlar davom etishi kerakligini aytgan.
“Bu (integratsiya) — jarayon. Ammo hozirgi paytga kelib biz ko‘p narsaga erishdik. Qilinishi kerak bo‘lgan ishlarni esa davom ettirish zarur,” degan Merkel.
Germaniyaga 2015-yilda Bolqon yo‘li orqali o‘n minglab qochqinlar kirib kelgan. Ularning umumiy soni bir necha yuz mingga yetgan. Merkel esa ularni mamlakatga qabul qilish haqida farmon bergan. O‘sha davrda mashhur “Biz buni uddalaymiz” iborasini ishlatgan.
Keyinchalik bu ibora Merkelga nisbatan kesatiq sifatida ham ishlatilgan. Lekin u bu iborada o‘zini nazarda tutmaganini, balki “biz” deya nemis xalqiga ishora qilganini tushuntirgan.
“Germaniya uchun yuz minglab qochqinlarni qabul qilish og‘ir vazifa emas edi. Men bunday deb o‘ylamayman. Germaniya — kuchli davlat,” degan u.
Merkelning aytishicha, boshqa muqobil yo‘l sifatida qochqinlarni kuch ishlatib mamlakatga kiritmaslik ham bo‘lgan. Biroq u hech qachon bunday yo‘ldan borishga rozi bo‘lmaganini ta’kidlagan.
Shuningdek, Merkel Suriya va boshqa inqirozli mintaqalar aholisi uchun ko‘proq ish qilmaganini ham tan olgan. Migrantlarni ommaviy qabul qilish haqidagi qarori esa, mamlakat ichkarisidagi konservativ partiyalarning ommalashuviga olib kelgan.
Xristian-demokratik ittifoq partiyasining bosh kotibi Karsten Linneman sobiq kanslerning migrantlar bo‘yicha siyosatini qoniqarsiz deb baholagan.
“2015-yildan buyon bizga 6,5 million migrant keldi, biroq hozirda ularning yarmidan kamrog‘i ish bilan ta’minlangan. Buni, yumshoq qilib aytganda, qoniqarsiz deb hisoblayman,” degan Linneman.
Joriy yilning iyul oyida Germaniyaning amaldagi kansleri Fridrix Mers 2015-yil voqealariga shunday izoh bergan: “Bugun bilamizki, u aytgan sohada biz aniq uddalay olmadik.” Mersning fikricha, integratsiya borasidagi raqamlar ham bu yo‘nalishda nima sodir bo‘lganini ko‘rsatib turibdi.
Bugungi kunda esa Germaniya mehnat bozorini qonuniy mehnat muhojirlari bilan to‘ldirishga e’tibor qaratmoqda.
Izoh (0)