O‘zbekistonda 2026-yil 1-yanvardan boshlab sayyor soliq tekshiruvlarini o‘tkazishdan mobil videokameradan foydalanish majburiy bo‘ladi. Bu haqda prezidentning 19-avgustda imzolangan farmonida belgilandi.

“O‘zbekiston Respublikasi prezidentining tadbirkorlar bilan V ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonga ko‘ra, mobil videokameradan foydalanmasdan o‘tkazilgan tekshiruvlar noqonuniy hisoblanadi.
Tadbirkorlik subyektlarining soliq auditi natijalari bo‘yicha moliyaviy sanksiyalarni 6 oy ichida teng ulushlarda to‘lash huquqi sayyor soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha moliyaviy sanksiyalarga ham tatbiq etiladi.
2025-yil 1-avgust holatiga Soliq xavfini aniqlash, tahlil qilish va baholash” tizimi orqali soliq tekshiruvlariga nomzod sifatida shakllangan va soliq xavfi 16 trillion so‘m bo‘lgan 20 mingdan ortiq subyektga soliqqa oid huquqbuzarliklar alomatlarini ixtiyoriy bartaraf etish imkoni berilgan holda, ushbu ro‘yxat 1-noyabr holatiga qaytadan shakllantiriladi.
Shavkat Mirziyoyev 20-avgust kuni tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazganida bugungi kunda soliq tekshiruvlari bo‘yicha 20 mingdan ziyod tadbirkorlarda 16 trillion so‘mlik xato va kamchiliklar aniqlanganini, bu minglab biznes vakillarining tadbirkorlik reytingidagi o‘rniga salbiy taʼsir qilishini aytgandi.
Shu bois bugun o‘ziga xos “amnistiya” eʼlon qilamiz, ushbu tekshirishlar bo‘yicha jazo qo‘llanmaydi. Buning o‘rniga 1-noyabrgacha tadbirkorlarimizga barcha xato va kamchiliklarni ixtiyoriy to‘g‘rilash imkoni beriladi. Bir so‘z bilan aytganda, 1-noyabrdan boshlab biznes vakillari tadbirkorlik reytingini “toza sahifadan” boshlaydi, degan edi prezident.
Soliq qo‘mitasi 2 oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vaziralar Mahkamasiga kiritishi lozim:
- soliq hisobotini o‘z vaqtida taqdim etmaganlik uchun maʼmuriy jarima miqdorini kichik tadbirkorlik subyektlarining mansabdor shaxslariga nisbatan BHMning 10 baravaridan 3 baravariga tushirish, fuqarolar uchun BHMning 3 baravaridan 1 baravariga tushirish;
- hisobot davrida bir necha soliq turlari bo‘yicha soliq hisobotlari taqdim etilmagan bo‘lsa, barcha taqdim etilmagan hisobotlar bo‘yicha umumiy bitta jarima qo‘llash;
- oxirgi 3 oyda soliq hisobotlarini o‘z vaqtida taqdim etib kelgan tadbirkorlik subyektlariga soliq hisobotini o‘z vaqtida taqdim etmaganlik uchun maʼmuriy jarimani 5 kungacha qo‘llamaslik.
Soliq qo‘mitasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2026-yil 1-iyuldan boshlab soliqlar bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish, ortiqcha to‘lov va qarzdorlik summalarini yagona g‘aznachilik hisobvarag‘i orqali o‘zaro hisobga olish tizimini joriy qiladi.
Izoh (0)