Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi xususiy bog‘chada 2 yoshli qizcha nazoratsiz qolgani sabab ariqqa tushib ketib, halok bo‘ldi.

Maʼlum qilinishicha, voqea viloyatning Qamashi tumanidagi xususiy bog‘chada 20-may kuni sodir bo‘lgan. Marhumaning onasi bog‘cha ochilgan vaqtda ariq borligi sababli xavfli ekanini ota-onalar aytgani, lekin bog‘cha maʼmuriyati xavfsizlik chorasi ko‘rilishini aytganini taʼkidlagan.
20-may kuni qizimni har doimgidek bog‘chaga kuzatdim. Qaynog‘am kelib qizingni mazasi bo‘lmabdi, deb meni olib bordi. Borsam qizimning joni uzilgandi, yerda yotgan edi. Badanlari muzdek. Daraxt tagida bolamni o‘rab qo‘yishgan ekan.
Man ishonib ularga bolamni topshirdim, nega unday eʼtiborsizlik qilishadi. 3 kun bo‘ldi bog‘cha yana ishlayapti. Ular qatʼiyan javobgarlikka tortilishini so‘rayman", deydi qizchaning onasi.
Bog‘cha xodimasi bergan ko‘rsatmasida bolalarning yarmi uxlatish uchun xonaga olib kirilgani, qolgani esa hovlida qolgani aytilgan. Ulardan biri bo‘lgan marhuma qizaloq nazoratsiz qolgani sababli ko‘chaga chiqib, bog‘cha atrofidagi ariqqa tushib ketib, halok bo‘lgan.
2024-yilning 15-fevralida Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida joylashgan oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari nazoratsiz qoldirilishi oqibatida, uch nafar bola maktabgacha ta’lim tashkiloti hovlisidan chiqib ketgandi. Shu kuni soat 2021-yilda tug‘ilgan qizcha nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotidan taxminan 1 kilometr uzoqlikdagi fermer xo‘jaligi dala maydonidan oqib o‘tuvchi ariqdagi suv ichidan vafot etgan holda topilgan va holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.
Jinoyat ishida jami uch kishi — 31 yoshli bog‘cha direktori F.M., 31 yoshli tarbiyachi D.T. va 49 yoshli tuman Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi boshlig‘i A.O‘. ayblangan.
Sud hukmiga ko‘ra:
Direktor F.M. Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi (kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik odam o‘limiga sabab bo‘lsa) va 167-moddasi 2-qismi “g” bandida (mansab mavqeyini suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 3 yilga maktabgacha va maktab ta’limi sohasida ishlash huquqidan mahrum etish va 4 yil 1 oyga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi;
Tarbiyachi D.T. Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga 3 yilga maktabgacha va maktab ta’limi sohasida ishlash huquqidan mahrum etish va 4 yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi;
Boshqarma boshlig‘i A.O‘. Jinoyat kodeksining 205-moddasi 1-qismi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 209-moddasi 1-qismida (mansab soxtakorligi) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga 1 yilga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilish va 1 yil 6 oyga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Bundan bir necha yil avval Qarshida bog‘chadan beruxsat chiqib ketgan 4 yoshli bolani poyezd urib ketgandi. Farg‘onada esa bog‘chadan tashqariga ruxsatsiz chiqqan 4 yoshli bola cho‘kib ketib, vafot etgandi.
Izoh (0)