Oxirgi yillarda O‘zbekistonda byudjet taqchilligi va davlat qarzi miqdori eng yuqori darajada shakllanishda davom etmoqda. Joriy yilgi va kelgusi uch yillik prognozlar qanday bo‘ladi?
Byudjet taqchilligi kutilgandek bo‘ladimi?
O‘tgan 2023-yilda O‘zbekiston byudjeti uchun og‘ir kelgan davrlardan bo‘ldi. Mamlakatning konsolidatsiyalashgan davlat byudjeti taqchilligi 59,2 trillion so‘mni yoki yalpi ichki mahsulotning 5 foizini tashkil etgan. Bu yangi davr uchun mutlaq rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. Taqqoslash uchun, oxirgi 5 yilda konsolidatsiyalashgan byudjet defitsiti quyidagicha bo‘lgan:
- 2019-yilda —13,2 trillion so‘m;
- 2020-yilda — 26,1 trillion so‘m;
- 2021-yilda — 40,8 trillion so‘m;
- 2022-yilda — 35,2 trillion so‘m.
2024-yil uchun tasdiqlangan byudjet qonuniga ko‘ra, joriy yilda mamlakatning konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 375 trillion so‘mni, xarajatlari 427,6 trillion so‘mni tashkil etishi belgilangan. Bunda byudjet taqchilligi 52 trillion so‘mdan ortishi kutilmoqda.
Ammo joriy yil 29-oktyabr kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi eʼlon qilgan yangi prognozlarda bu ko‘rsatkichlarda o‘zgarishlar ko‘zga tashlanadi. Xususan, 2024-yilda konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 377,7 trillion so‘mni, xarajatlari esa 434,8 trillion so‘mni tashkil etishi prognoz qilingan. Shu bilan birga, byudjet taqchilligi miqdori 57,2 trillion so‘m bo‘lishi ko‘rsatilgan. Bu ham hali yakuniy ko‘rsatkich emas. Daromad va xarajatlar nomutanosibligi yil oxirigacha bundan-da katta bo‘lish ehtimoli mavjud.
Vazirlik sharhiga ko‘ra, joriy yilgi davlat byudjeti xarajatlari qayta ko‘rib chiqilib, xarajatlar tasdiqlangan byudjetga nisbatan 1,5 foizga oshishi kutilmoqda. Bunda konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligining yalpi ichki mahsulotga nisbatan 4 foizdan oshmasligi taʼminlanishi qayd etilgan.
2025-yilgi konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 431,1 trillion so‘mni, xarajatlari 480,3 trillion so‘m miqdorida bo‘lishi kutilmoqda. O‘rtadagi defitsit miqdori 49,3 trillion so‘mni tashkil etishi prognoz qilingan.
2026-yilda konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 496,5 trillion so‘m, xarajatlari 551,9 trillion so‘m bo‘lishi mumkin. Oradagi taqchillik 55,5 trillion so‘mga yetishi kutiladi.
2027-yilda konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari esa 565 trillion so‘m, xarajatlari 629,1 trillion so‘m bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Bunda defitsit miqdori 64,1 trillion so‘mga yetishi qayd etilgan. Vazirlik tahlilida konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligini 2025–2027-yillarda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan oshirmaslik belgilanayotgani keltirilgan.
Davlat qarzi bo‘yicha prognozlar qanday?
2024-yil 1-iyul holatiga O‘zbekiston davlat qarzi 37 milliard dollarni yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 33,2 foizni tashkil qilgan. Shundan davlat tashqi qarzi 30,9 milliard dollar (YIMning 27,7 foiziga teng), davlat ichki qarzi 6,1 milliard dollarga (YIMga nisbatan 5,5 foiz) yetgan.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi joriy yil 1-iyul holatiga davlat qarzi mablag‘lari quyidagi tarmoqlarga sarflanganini maʼlum qildi:
- davlat byudjetini qo‘llab-quvvatlash dasturlariga — 13 milliard dollar;
- energetika loyihalariga — 5,7 milliard dollar;
- qishloq va suv xo‘jaligi loyihalariga — 2,8 milliard dollar;
- transport loyihalariga — 2,7 milliard dollar;
- uy-joy kommunal xo‘jaligi loyihalariga — 2,7 milliard dollar;
- sog‘liqni saqlash, taʼlim, axborot va kommunikatsiya texnologiyalari loyihalariga— 2,3 milliard dollar;
- boshqa sohalarga — 1,7 milliard dollar.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi o‘z hisobotida O‘zbekiston davlat qarzi va mamlakatning umumiy tashqi qarzi bilan bog‘liq xatarlarni past darajada baholangan.
Oxirgi 5 yilda respublikada davlat qarzi miqdori yalpi ichki mahsulotga nisbatan 30 foizdan yuqori darajada shakllanib kelmoqda. Prognozlarga qaralsa, bu tendensiya davomli bo‘lishi kutilmoqda. Jumladan, 2024-yil yakunida davlat qarzi YIMga nisbatan 35,5 foiz, 2025–2027-yillarda 36,7–37 foiz oralig‘ida bo‘lishi kutilmoqda. Byudjet qonunida davlat qarzining eng yuqori miqdori YIMning yillik prognoz ko‘rsatkichiga nisbatan 60 foizdan oshirilishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.
Avvalroq 2023-yil noyabrda eʼlon qilingan byudjetnomada yuqoridagi prognozlardan farqli raqamlar ko‘rsatilgan. Yaʼni 2024-yilda davlat qarzining YIMga nisbati 37 foiz bo‘lishi maʼlum qilingan. 2025-yilda esa bu ko‘rsatkich 37,4 foizni, 2026-yilda 37,9 foiz atrofida bo‘lishi kutilmalari mavjudligi qayd etilgan.
Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov 2024-yil yanvar–iyun oylarida O‘zbekiston nomidan davlat kafolati ostida jami 2,8 milliard dollarlik tashqi qarz shartnomalari imzolanganini maʼlum qilgan. Shuningdek, davlat byudjetini qo‘llab-quvvatlash, joriy yilda so‘ndiriladigan xalqaro obligatsiyalarni qayta moliyalashtirish maqsadida jahon moliya bozorlariga 1,5 milliard dollar miqdoridagi suveren xalqaro obligatsiyalar chiqarilgan.
Vazirlik prognozlariga ko‘ra, kelgusi 2025-yilda O‘zbekiston nomidan va kafolati ostida tashqi qarzlarni jalb qilish bo‘yicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan hajmi 5,5 milliard dollar miqdorida belgilanmoqda. Shundan 3 milliard dollari davlat byudjetini qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, byudjet taqchilligini moliyalashtirishga, qolgan qismi investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Izoh (0)