Qirg‘izistonlik muhojirlar uchun Rossiyada qonuniylashtirish muddati 10-sentyabrgacha uzaytirildi. Bu haqda respublika Tashqi ishlar vazirligi xabar bermoqda.

21-aprel kuni Qirg‘izistonning Moskvadagi elchisi Kubanichbek Bokontayev Rossiya prezidentining xorijiy mamlakatlar bilan mintaqalararo va madaniy aloqalar boshqarmasi boshlig‘i Igor Maslov bilan uchrashuv o‘tkazgan.
“Uchrashuvda Rossiya tomoni Rossiyada noqonuniy bo‘lib turgan chet el fuqarolari, jumladan, Qirg‘iziston Respublikasi fuqarolarining huquqiy holatini tartibga solish imkonini beruvchi Rossiya Federatsiyasi prezidenti farmonining amal qilish muddati 2025-yil 10-sentyabrgacha uzaytirilganini ma’lum qildi”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, qirg‘izistonlik diplomat 11-aprel kuni Moskvadagi hammomlardan birida vatandoshlarining ushlanishi yuzasidan yana bir bor tashvishini bildirgan.
Bundan oldin Qirg‘iziston TIV rahbari o‘rinbosari Almaz Imangaziyev Bishkek Rossiyadan migrantlarni qonuniylashtirish muddatini uzaytirishni so‘rayotganini aytgan edi. U bu masalani Rossiya hukumati raisi o‘rinbosari Aleksey Overchuk bilan ham muhokama qilganini ta’kidlagan.
11-aprel kuni Rossiya xavfsizlik kuchlari Moskvadagi hammomlardan birida reyd o‘tkazdi. Bu hammomda muhojirlar rus tashrif buyuruvchilarini kiritishdan bosh tortgan edi. Shundan so‘ng Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi Rossiya elchisini chaqirib, respublika fuqarolarining ushlanishi sababini tushuntirishni talab qilgan edi.
Izoh (0)