Hukumat qarori bilan “Uchquduq, Zarafshon, Nurobod shaharlari va Konimex tumanining Zafarobod shaharchasidagi byudjet tashkilotlari xodimlariga kompensatsiya xususiyatiga ega bo‘lgan ustama to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Nizom Uchquduq, Zarafshon, Nurobod shaharlari va Konimex tumani Zafarobod shaharchasidagi (shaharlar) byudjet tashkilotlari xodimlariga kompensatsiya xususiyatiga ega bo‘lgan ustama to‘lash tartibini belgilaydi.
Shaharlardagi byudjet tashkilotlari xodimlariga noqulay tabiiy-iqlim sharoitlarida ishlaganlik uchun oylik ustama to‘lovlari byudjet tashkilotlarida ishlagan ish stajidan kelib chiqib, kuyidagi miqdorlarda belgilanadi:
- 3 yilgacha ish stajiga ega bo‘lgan xodimlarga tarif stavkasining (lavozim maoshining) 0,25 foizi;
- 3 yildan 5 yilgacha ish stajiga ega bo‘lgan xodimlarga tarif stavkasining (lavozim maoshining) 0,5 foizi;
- 5 yildan ortiq ish stajiga ega bo‘lgan xodimlarga tarif stavkasining (lavozim maoshining) 0,75 foizi.
Oylik ustamani olish huquqini beruvchi ish stajiga quyidagilar kiritiladi:
- shaharlardagi byudjet tashkilotlarida xodimning ishlagan davri;
- xodim haqiqatda ishlamagan bo‘lsa ham, lekin qonunchilikka asosan shaharlardagi byudjet tashkilotlarida xodimning ish joyi (lavozimi) saqlangan davri;
- “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ, “Navoiyuran” davlat korxonasi va “Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamg‘armasi” DM tizimidan Maktabgacha va maktab taʼlim vazirligi tizimiga o‘tkazilgan maktabgacha taʼlim tashkilotlari xodimlarining ushbu korxonalarda ishlagan davri.
Izoh (0)