2022-yilning 1-yanvaridan O‘zbekistondagi 9 ming 259 ta mahallada hokim yordamchilari ish boshladi. Bu lavozim vakillari hozircha ijobiy ishlar, tashabbuslar bilan emas, balki ba’zi xodimlarning salbiy xatti-harakati orqali jamoatchilik nazariga tushib, muhokamalarni keltirib chiqarmoqda. Tashkil etilganiga hali yarim yil ham to‘lmagan ushbu lavozim egalari korrupsion holatlarga qo‘l urish bo‘yicha go‘yoki o‘zaro musobaqa o‘ynayotgandek tasavvur uyg‘otmoqda. Mazkur lavozim nima maqsadda tashkil etilgan o‘zi, nima uchun pora olayotgan hokim yordamchilari soni ortib boryapti, bunga qanday omillar sabab bo‘lmoqda, buning yechimi bormi? “Daryo” muxbiri shu kabi qator savollarga javob izladi.
Dunyoda yo‘q tajribaning O‘zbekistonda joriy etilishi
Hokim yordamchilari lavozimini joriy etish fikri 2021-yilning oktabrida ilgari surilgan. Aniqrog‘i, Shavkat Mirziyoyev qashqadaryolik saylovchilar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda kichik tadbirkorlikni rivojlantirish, ishsizlikni kamaytirish va kambag‘allikni qisqartirish maqsadida har bir mahallada hokim yordamchilari bo‘lishini taklif qilgan.
Hokim yordamchisi lavozimiga qo‘yishdan oldin 2 oy davomida yangi tizim asosida ishlashga o‘qitamiz, 2-3 yil mahallada ishlab, o‘zini ko‘rsatganlarini kelgusida rahbarlik lavozimlariga qo‘yamiz.2021-yilning noyabr oyida prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida 2022-yilning 1-yanvaridan respublikaning 9 ming 259 ta mahallasida hokim yordamchilari ish boshlashi ma’lum qilingan. Davlat rahbari 2021-yil 23-noyabr kuni Shayxontohur tumaniga tashrifi davomida mahallalarda hokim yordamchisi hamda Toshkent shahar hokimining yordamchisi — yoshlar yetakchisi lavozimlarini joriy etish masalasiga alohida e’tibor qaratgan.Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston prezidenti
Dunyoda bunday tajriba ham, kitob ham yo‘q. Buning uchun avvalo fidoyi bo‘lish, xalqni sevish kerak. Bu ikki lavozimda ishlaydiganlar mahallada islohotlar poydevori bo‘ladi. Ular tadbirkorlikni rivojlantirish, ishsizlikni kamaytirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshiradi. Bu juda katta mas’uliyat va sharaf.2021-yilning dekabrida davlat rahbari raisligida o‘tkazilgan ipoteka va qurilish materiallari mavzusidagi videoselektor yig‘ilishda o‘zini yaxshi ko‘rsatgan hokim yordamchilari va respublika vakillari mukofotlanishi, yil natijalari bo‘yicha esa “Yangi O‘zbekiston islohotchisi” ko‘krak nishoniga tavsiya qilinishi, ularga ipoteka asosida kvartira olishda 50 foizgacha subsidiya ajratilishi ta’kidlangan.Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston prezidenti
Hokim yordamchilari qancha maosh oladi?
Prezidentning “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq hokim yordamchilarining oylik ish haqi miqdori ular biriktirilgan mahalladagi xonadonlar soniga mutanosib ravishda belgilanadi:
- xonadonlar soni 500 tagacha bo‘lgan mahallada – mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 6 baravari miqdorida (4 million 932 ming so‘m);
- xonadonlar soni 501 tadan 1 000 tagacha bo‘lgan mahallada – mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 6,5 baravari miqdorida (5 million 343 ming so‘m);
- xonadonlar soni 1 000 tadan ortiq bo‘lgan mahallada – mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 7 baravari miqdorida (5 million 754 ming so‘m).
“Xarajatlar va tafovutlar qoplab berilmoqda”
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hokim yordamchilari faoliyatini muvofiqlashtirib, nazorat qilib boruvchi tashkilot hisoblanadi. Agentlik boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Otajonovning ta’kidlashicha, hokim yordamchilarining 30 foizi avval bank sohasida ishlagan, qolgani davlat boshqaruv organlarining sobiq xodimlaridir. Hokim yordamchilarining umumiy soni 9 ming 341 nafar bo‘lsa, shundan 1000 ziyodi xotin-qizlarni tashkil qiladi. Ushbu yangi lavozimga eng kamida besh yil ish stajiga ega xodimlar sinov asosida saralab olingan.
“Hokim yordamchisi lavozimini joriy etish bo‘yicha prezident qarori va farmoni chiqqanidan so‘ng e’tirozlar paydo bo‘ldi. Bunga sabab maosh masalasi edi. ‘Men oldingi ishimda 20 million oylik olardim, hokim yordamchisi bo‘lsam, 5 million maosh berilarkan’, ‘Oilam shaharda, o‘zim esa chekka hududga borib ishlasam, kunlik xarajatlarim ko‘payib ketadi’, degan turli e’tirozlar bildirilgan va ularning barchasi o‘rinli edi.
Bu kabi xavotirlar va tafovutlarni bartaraf etish maqsadida hokim yordamchilari uchun alohida jamg‘arma tashkil etildi. Jamg‘armaga pul o‘tkazilgan holda birinchi chorak yakuni bo‘yicha barcha hokim yordamchilariga to‘liq kompensatsiya to‘lab berildi. Ya’ni uch oy davomida qilgan xarajatlari, oldingi va hozirgi lavozimidagi maoshlar o‘rtasidagi tafovutlar to‘liq qoplandi. Hokim yordamchilari faqat asoslab, xarajatlar cheklarini taqdim qilishi kerak. Bu har chorak yakunida amalga oshirilishi belgilangan”, — deydi agentlik vakili.
“Ixtiyori bilan ariza yozganlar ham bor”
Sherzod Otajonovning qayd etishicha, hokim yordamchilari qilgan ishlarini “Onlayn mahalla” elektron platformasiga kiritib boradi va samaradorlik ko‘rsatkichlari KPI baholash tizimi orqali baholanadi. Baholash tizimida 91 balldan yuqorisi a’lo, 81 dan 91 gacha yaxshi, 70 dan 81 gacha qoniqarli, 70 balldan pasti qoniqarsiz hisoblanadi.
“Birinchi chorakda 800 nafarga yaqin hokim yordamchisi 91 balldan yuqori baho oldi va ular rag‘batlantirildi. 6,5 mingga yaqini 71 balldan past baho bilan qoniqarsiz faoliyat yuritgan deb topildi. Ular orasida 50 balldan past olganlar ko‘pchilikni tashkil etadi va talay qismi ishdan olindi, o‘z ixtiyori bilan ariza yozganlar ham bor.
Hokim yordamchilarining faoliyati 10 ta ko‘rsatkich bo‘yicha baholab boriladi. Ular tomonidan xatlov asosida yig‘ilgan ma’lumotlarning to‘liq va aniqligi, kredit chiqarishdagi jarayon va samaradorlik, fuqarolarning o‘zini-o‘zi band qilishdagi natijalar, mahalladagi tadbirkorlik subyektlari soni va faoliyati, aholi bandligini ta’minlab, kambag‘allikni kamaytirish hamda ishga joylashtirishdan avval ishsizlarning bilim, ko‘nikmalarni oshirish uchun turli o‘qishlarga yo‘naltirishdagi sa’y-harakatlari baholanadi.
Shundan keyin shaxsiy xususiyatlardan kelib chiqqan holda to‘rt kishi, ya’ni tuman (shahar) mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish markazi rahbari, tuman hokimining birinchi o‘rinbosari, mahalla raisi va agentlikdan biriktirilgan vakil tomonidan baho qo‘yiladi”, — deydi u.
Ko‘payib borayotgan poraxo‘r hokim yordamchilari
Mazkur lavozim joriy etilgach, oradan bir necha oy o‘tib, korrupsion holatlar ishtirokchisiga aylangan va qo‘lga tushgan hokim yordamchilari haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqala boshladi.
Ommaga ochiqlangan birinchi jinoyat 2022-yil mart oyi boshida Surxondaryo viloyatida kuzatildi. Jarqo‘rg‘on tumani hokimi yordamchisi B.X. fuqarodan 5,5 million so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Bu kabi holatlar aprel oyida bir necha marta kuzatildi. Xususan, tadbirkorning 15,5 ming dollarini qo‘lga kiritgan Zangiota tumani hokimi yordamchisi va uning sherigi DXX tomonidan ushlandi. Namangan viloyati Chust tumanida fuqaroga fermer xo‘jaligi yer maydonini olib bermoqchi bo‘lgan hokim yordamchisi va uning sheriklari, Toshkent tumanida yer maydonini sinfdoshiga rasmiylashtirib berishga uringan hokim yordamchisi pora bilan qo‘lga tushdi.
19-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda To‘raqo‘rg‘on tumani “Sharq” mahallasidagi hokim yordamchisi imtiyozli kreditga tavsiya berish uchun pora olayotganda ushlanib, 5 yilga ozodlikdan mahrum etilgani ma’lum bo‘ldi. Bu kabi holatlar Mirzo Ulug‘bek, Yunusobod, Bo‘ka, Baxmal tumanlari, Marg‘ilon, Shirin shaharlarida ham sodir etilgani ochiqlandi.
May oyining o‘tgan davrida bunday holat ikki marta kuzatilgani OAVda ma’lum qilindi. Toshkent shahridagi hokim yordamchilarining biri 35 ming dollar pora olgan vaqtida, Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanidagi “Jonbuloq” MFY hokim yordamchisi Qarshi tumanida yashovchi fuqaroni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filialiga feldsher lavozimiga ishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, evaziga undan 300 dollar pul olayotganida qo‘lga olindi.
Toshkent shahrining Uchtepa tumani hokimi farmoyishi bilan berilayotgan topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarmasdan ishiga mas’uliyatsizlik qilayotgan va 2022-yilning birinchi chorak yakunlari bo‘yicha past ko‘rsatkichni qayd etgan 30 dan ziyod hokim yordamchisi hayfsan olganligi va ularning ro‘yxati e’lon qilindi.
Shavkat Mirziyoyev tamagir hokim yordamchilarini tanqid qildi
Prezident aprel oyidagi videoselektor yig‘ilishlarning birida mahallabay ishlash tizimida kamchilikka yo‘l qo‘ygan hokim yordamchilari haqida gapirarkan, “Joylardagi ayrim hokim yordamchilari kredit, subsidiya, yer olib beraman, deb tamagirlik qilayotgani juda achinarli holatdir”, — deya ularni tanqid qildi.
22-aprel kuni Qarshi shahrida bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ham prezident hokim yordamchilari haqida so‘z yuritdi.
“Hozir hokim yordamchilarini ko‘pchilik yoqtirmayapti. Ammo ularga ishonish zarur, rahbarlar ular bilan gaplashishlari kerak. Kecha Qamashidagi hokim yordamchisi bilan gaplashdim. U yil oxiriga qadar tumanda ishsizlar qolmasligini aytdi. Shu kabi ishlarni amalga oshirish zarur”, — dedi davlat rahbari.
“Hokim yordamchilarini yoki tizimni ayblash noto‘g‘ri”
Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Otajonov tizimda kuzatilayotgan korrupsion holatlar to‘g‘risida gapirarkan, xususan, shunday dedi:
“Besh qo‘l barobar bo‘lmaganidek, hokim yordamchilari orasida qing‘ir yo‘llarga o‘tayotganlar ham uchrab turibdi. Buning bir qancha sabablari bor. Inson omili olib tashlanmagunicha, tizim avtomatlashtirilmagunicha korrupsiya bo‘laveradi. Har qanday tizim raqamlashtirilsagina korrupsion holatlar kamayadi yoki barham beriladi.
Bizning tizim tashkil etilganiga endi besh oy bo‘ldi. Bu vaqt orasida korrupsiya holatlarini uchrayotgani achinarli. Ammo bu kabi holatlarda faqat hokim yordamchisini yoki tizimni ayblash noto‘g‘ri. Vaziyatni oxirigacha o‘rganib, xulosa chiqarish kerak. Balki, tashabbus fuqarolardan ham chiqayotgan bo‘lishi mumkin.
Korrupsiya holatlariga hokim yordamchilarining maoshini sabab qilib ko‘rsatish xato. Chunki bugungi kunda ularning o‘rtacha oyligi 5 million 300 mingni tashkil etadi. KPI baholash tizimida 90 balldan yuqori olganlarga maoshidan 50 foiz miqdorida ustama puli qo‘shib berilyapti. Yuqorida aytganimdek, oldingi ishiga nisbatan kompensatsiya ham qoplanmoqda.
O‘n, o‘n besh yildan beri faoliyat yuritayotgan turli vazirlik va tashkilotlarda haligacha korrupsion holatlar kuzatilmoqda. Hokim yordamchilari tizimi esa 2022-yil boshida yo‘lga qo‘yildi. Agentligimiz yangi va tizim hali to‘liq ishga tushgani yo‘q, bunga biroz vaqt kerak. Shunday bo‘lsa-da, o‘tgan vaqt ichida salkam yetti million xonadon haqidagi ma’lumotlar, aholining istaklari, iqtisodiy ahvoli o‘rganildi, xatlovdan o‘tkazildi. Bu ma’lumotlarni uyma-uy yurib yig‘ish ham, ma’lumotlar bazasiga kiritish ham oson jarayon emas”.
“Onlayn mahalla” platformasiga biriktirilgan prokurorlar
Sherzod Otajonov korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish borasida qilinayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi.
“Korrupsion holatlarga yo‘l qo‘ymaslik va monitoring nazoratni kuchaytirish maqsadida “Onlayn mahalla” elektron platformasiga prokurorlar ham biriktirilgan. Ular platformaga kiritilayotgan ma’lumotlar haqiqiyligini tekshiradi, hokim yordamchilaring noqonuniy ishlarini kuzatib boradi. Ayni paytda hokim yordamchilarining barchasini onlayn monitoring qilib borish tizimini ishga tushirish ustida ishlar olib borilmoqda.
Yaqin orada “Onlayn mahalla” elektron platformasiga hokim yordamchisining ma’lumot kiritishini to‘xtatib, tugmachani bosish funksiyasini yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Shu orqali uning xatosi oldindan ma’lum bo‘ladi. Hozirgi paytda platformaga hokim yordamchisi birdaniga bir qancha ma’lumotlarni kiritib yuboryapti. Ulardan qaysi birida xato borligini bilishimiz uchun ancha vaqt ketyapti, ba’zan korrupsion holatlar ham uchramoqda. Tugmachani bosish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgach, ma’lumotlardagi xatodan ertaroq xabardor bo‘lamiz. Bugungi kunda bu funksiyani to‘liq raqamlashtirish jarayoni ketyapti.
Bundan tashqari, targ‘ibot-tushuntirish ishlari ham olib borilyapti, seminar va yig‘ilishlar o‘tkazilmoqda. Hozirgi kungacha olti ming hokim yordamchisiga planshet tarqatildi. Qolganlariga ham gadjet berilishi rejalashtirilgan”, — deydi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari.
“Korrupsiya balosi qiynaydi”
Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi, senator Gavhar Alimovaning ta’kidlashicha, noinsof odamlar katta maosh olgan taqdirda ham korrupsiya holatiga baribir qo‘l uraveradi.
“Hokim yordamchisi lavozimi judayam kerak edi. Shu tizim yo‘lga qo‘yilgach, hokimlarning yuki yengil bo‘lyapti, mahallaga nisbatan qo‘llarini yanada uzaytirdi. Bir hokimning o‘zi hamma mahallani qamrab olishi qiyin. Endilikda uning har bir mahallada yordamchisi, ishonchli vakili bor.
Hokim sifatida yordamchilarim faoliyatini birma-bir mahallasiga borib o‘rganyapman. Aksariyati natija ko‘rsatyapti, fuqarolar ularga o‘z muammosini aytyapti, yechim topilyapti. Ular bilan doimiy aloqadamiz, Telegram’da guruh ham ochganmiz. Kim qaysi masalada qiyinchilikka uchrayotgan bo‘lsa birgalikda hal qilyapmiz.
Ota-bobolarimiz ‘Bukrini go‘r to‘g‘irlaydi’, deb bejiz aytmagan. Prezident ishonchi, yaxshi maoshga munosib ishlamayotgan yoki shuncha seminar, yig‘ilishlar o‘tkazilishiga qaramay, korrupsiyaga qo‘l urayotganlar ham, ming afsuski, uchrab turibdi. Korrupsiya balosi, albatta, qiynaydi. Odamni ichiga kirib bo‘lmas ekan.
Korrupsiyaga qo‘l urmaslikka qarshi juda qattiq turganmiz, yig‘ilishlar o‘tkazib, ogohlantiryapmiz. Yaxshi oylik beriladi, yetarli sharoitlar yaratilgan. Ammo odam otni kallasidek maosh olsa ham, agar vijdonsiz, insofsiz bo‘lsa, qiladigan ishini qilaveradi. Asosiysi, Xudo barchaga insof bersin, deyman.
Tumanimizda 36 ta mahalla bor. Samarali faoliyat yuritmayotgan uch hokim yordamchisini ishdan oldik. Boshida va’dalar boshqacha edi. Ammo ishga kirishgach, natija ko‘rsata olmadi. Xalq bilan barcha ham hamnafas bo‘lib ishlay olmas ekan. Vatanparvarlik, fidoyilik bo‘lmasa qiyin. Ayni paytda 33 ta mahalladagi yordamchilarim yaxshi ishlayapti.
Hokim yordamchilarining ish faoliyatini yanada yaxshilash uchun ularning ishini jiddiy baholab borish zarur. Reyting bo‘yicha yuqori ball olganlarni rag‘batlantirish, davlat mukofotlari berish kerak. Past ballni olganlarni ishdan olish masalasini qo‘yish lozim. Faoliyati qizil chiziqqa tushdimi, ishlashga haqqi yo‘q”, — deydi Gavhar Alimova.
“Jamoatchilik nazorati kuchaytirilishi zarur”
G‘uzor tumani hokimi Bekzod Suyunov inson omili bor joyda korrupsion holatlar, albatta, kuzatilishini qayd etdi.
“Hokim yordamchisi lavozimining joriy qilinishi O‘zbekistonda aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allar sonini qisqartirish yo‘lidagi katta bir qadam bo‘ldi. Biz hokimlar shu tizimni to‘liq ishga tushishida bosh bo‘lishimiz kerak.
Har qanday tashkilotda ham yaxshi ishlaydigan xodimlardan tashqari, tajribasizlari, qoniqarsiz faoliyat yuritadiganlari bo‘lishi shubhasiz. Tumandagi 51 nafar hokim yordamchilari ichida tajribasi yoki salohiyati yetarli bo‘lmaganlari bor. Pora olishga moyilligi borlar ham bo‘lishi mumkin. Lekin buni odamning ko‘ziga qarab bilishning iloji yo‘q ekan.
Yaqinda tumanimizdagi “Jonbuloq” mahallasi hokim yordamchisi E.F.ning qilgan xatti-harakati meni juda ranjitdi. Aslida holat Qarshi shahrida yuz bergan, ish so‘ragan ham, ish bergan tashkilot ham G‘uzorda joylashmagan. F.E. oldin viloyat bandlik boshqarmasida ishlagani uchun tanishlari o‘rtasida vositachilik qilib, korrupsiyaga qo‘l urgan. Bu holatni G‘uzorga umuman aloqasi yo‘q, hozirgi vakolatidan foydalanmagan. Lekin uning jinoyatini oqlab bo‘lmaydi, u tizimga, tumanimizga va halol ishlayotgan hokim yordamchilari nomiga dog‘ tushirdi.
Bu kabi holatlarga qarshi kurashish uchun tizim to‘liq raqamlashtirilishi kerak. Chunki inson omili bor joyda korrupsion holatlar albatta kuzatiladi. Shuningdek, jamoatchilik nazorati ham kuchaytirilishi zarur, deb o‘ylayman”, — deydi G‘uzor tumani rahbari.
“Hokim o‘rinbosari va hokim yordamchisining farqi deyarli yo‘q”
Iqtisodiyot fanlari doktori, professor Barnogul Sanoqulovaning qayd etishicha, hokim yordamchilarining ushbu lavozimni qay tartibda egallaganini jamoatchilik bilishi kerak.
“Hokim yordamchisi lavozimi tashkil etilgan vaqtda tegishli huquqiy hujjatlar bilan tanishib chiqqanman. Bir kadrga turli vazifalarning yuklatilganini o‘qib, bu tizimni qo‘llab-quvvatlash fikridan qaytganman. Chunki bir odamga ko‘p vakolatning berilishi shubhasiz o‘sha vakolatni suiiste’mol qilinishiga olib keladi. Shuningdek, jazolanish tartibi ham qat’iy belgilanmagan. Shu bois ham hokim yordamchilari orasida vositachi sifatida korrupsion holatlarga aralashib qolayotganlar soni ko‘payib boryapti.
Bundan tashqari, hokim o‘rinbosari va hokim yordamchisining farqi deyarli yo‘q. Bitta vazifani bir qancha odamga yuklatilishi javobgarlik nuqtalarini parchalanishiga sabab bo‘ladi. Natijada bir masalaning ijrosini qator amaldordan so‘rab chiqasiz, samaradorlik ham qoniqarli darajada bo‘lmaydi.
Bugungi kunda hokim yordamchisi lavozimida ishlayotgan kadrlar qanday tartibda ishga olingani savol ostida turibdi. Pora bilan qo‘lga tushayotgan kadrlar kimlarningdir tavsiyasi asosida ishga olingan bo‘lsa, ularga tavsiya berib, tizimga olib kirgan shaxslar ham jazolanishi kerak. Agar kadrlarni tanlash tanlov bo‘yicha amalga oshirilgan bo‘lsa, tanlov natijalari qani? Ular qanday va qaysi shartlar bilan saralangan? Bu jamoatchilikka ochiqlanishi kerak”, — deydi Barnogul Sanoqulova.
“Ular korrupsiyaga qarshi emlanmagan”
Buxoro shahridagi “Bahouddin Naqshband” mahallasi hokim yordamchisi Adham Hasanovning fikricha, oldingi lavozimlarida ham poraga ish bitirishga o‘rgangan mutaxassislar yangi tizimdayam shu ish bilan shug‘ullanib, qo‘lga tushmoqda.
“Bu lavozimga tayinlanishimdan oldin bandlikka ko‘maklashish markazi va tekstil sohasida faoliyat yuritganman. Hududimda 7 ming 80 nafar aholi bor. Fuqarolarni xatlovdan o‘tkazgach, ularni to‘rt toifaga bo‘ldik va shu asosda ishlashga kirishdik. Hozirda asosan, daromadi kam va ishsiz fuqarolar bilan jiddiy shug‘ullanyapmiz. ‘Har bir oila tadbirkor’ dasturi bo‘yicha kreditlar ajratish va subsidiyalar olishda yaqindan ko‘maklashyapmiz.
Eng quyi tizimda prezidentning ishonchli vakilining bo‘lishi aholi uchun har taraflama foydali. Chunki to‘rt muchasi sog‘ fuqaro ham, nogironligi bor shaxslar ham muammosini ochiq aytib, yordam so‘rayapti. Doim ularga yaqinmiz, bir mahalladamiz. Birgalikda masalalarni hal qilyapmiz.
Ayrim hokim yordamchilarining korrupsion holatlar bilan qo‘lga tushayotgani haqidagi xabarlarni ijtimoiy tarmoqlarda o‘qib, kuzatyapman. Mening shaxsiy fikrim shuki, avvalgi lavozimlarida ham shunday ishlar bilan shug‘ullangan, qo‘lga tushgan yoki korrupsiyaga moyilligi bor xodimlar qing‘ir yo‘lni tanlamoqda. Ular korrupsiyaga qarshi emlanmagan, nazarimda. Bu kabi holatlar samarali ishlayotgan boshqa hokim yordamchilarining faoliyatiga ham, nomiga ham dog‘ tushirmoqda. Jamoatchilik nazorati kuchaytirilib, aholi o‘rtasida ham targ‘ibot ishlarini olib borish kerak, tez-tez so‘rovnomalar o‘tkazish lozim. Bunday xunuk vaziyatlarning oldi olinmasa, ularning safi ko‘payib boraveradi”, — deydi Adham Hasanov.
“Korrupsion holatlardan u qadar ajablanganim yo‘q”
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyevning fikricha, hokim yordamchilari tizimi eksperiment sifatida ko‘rilishi kerak.
“Bu lavozim qaysidir ma’noda O‘zbekistonning bugungi rivojlanish bosqichida o‘zining samarasini beradi, deb o‘ylayman. Davlat boshqaruvi tizimi pastdan tepaga, ya’ni inson, jamiyat va davlat prinsipi asosida yo‘lga qo‘yilayotgani bois mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va ularning siyosiy ongini oshirishda bunday yordamchilardan foydalanish hozirgi paytda maqsadga muvofiq.
Lekin bu tizim eksperiment sifatida ko‘rilishi kerak. Chunki bu yangi bir institut va u tashkil etilishi bilanoq, baho qo‘yib bo‘lmaydi. Biroz vaqt o‘tib, institut faoliyatini, hokim yordamchilarining erishgan yutuqlarini tahlil qilish va fuqarolar, jamoatchilikning tizimga nisbatan fikrlarini eshitish kerak. Shundan so‘ng tizim haqida xulosa chiqarish imkoniyati paydo bo‘ladi.
So‘nggi paytlarda kredit, subsidiya, ishga joylashtirish masalalarida korrupsion holatlarga aralashayotgan hokim yordamchilari ko‘paymoqda. Lekin men bundan u qadar ajablanganim yo‘q. Sababi tizimdagi salkam o‘ng mingga yaqin xodimlarning 100 nafari pora olish yoki berishga moyil bo‘lsa, bu umumiy hokim yordamchilarining 1 foizini tashkil qiladi xolos. Jamiyatdagi bugungi korrupsion holat va kayfiyatdan kelib chiqilsa, bu statistika juda past va oddiy hol men uchun. Negaki jamiyatning har bir bo‘g‘inida korrupsiyani ko‘ryapmiz va hokim yordamchilari ham bundan mustasno bo‘lmasdi”, — deydi u.
“Elitar korrupsiya ko‘rinishidagi yirik jinoyatlar bilan kurashilmayapti”
G‘aniyev hokim yordamchilarida vakolatni suiiste’mol qilish, firibgarlikka yo‘l qo‘yish ehtimoli katta ekanini, vaqt o‘tib korrupsion holatlar yanada ko‘payishini ta’kidladi.
“Mazkur lavozimga ishga olingan kadrlarning avval ishlagan joylarini tahlil qiladigan bo‘lsak, ularning aksariyati asosan, mahalliy hokimiyat tizimida, bank, moliya bo‘limlarida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan. Kadrlar tanlashda asosiy urg‘u iqtisodiy bilimga ega nomzodlarga qaratilgan.
Bilamizki, yillar davomida davlat boshqaruvining pastki qatlamida maoshlarning kamligi, ishga qabul qilishdagi noxolisliklar sabab yaxshi kadrlar bazasi shakllanmagan, ular orasida korrupsiya urchigan. Tabiiyki, bu kadrlarni boshqa tizim va lavozimga o‘tkazish bilan ulardagi korrupsiyaga moyillikni yo‘qotib bo‘lmaydi. Aksincha, moyillik yanada kuchayadi. Chunki ular yangi lavozimni egalladi va vakolatlari ko‘p. Hokim yordamchilari orasida korrupsion holatlarning kamligidan ajablanyapman. Nazarimda, vaqt o‘tib bu kabi holatlar yanada ko‘payadi. Negaki, hokim yordamchilarida vakolatlarni suiiste’mol qilish, firibgarlikka yo‘l qo‘yish ehtimoli katta.
Korrupsiyaga qarshi faqat hokim yordamchilari yoki boshqa bir tizimda kurash olib borish ahmoqona va samarasiz usul bo‘ladi. Biz korrupsiyaga qarshi umumiy kurashni olib borishimiz zarur. Chunki jamiyatdagi shaxslar, lavozim egalari bir-biriga bog‘langan.
Kuzatyapmizki, oxirgi paytlarda korrupsiyaga qarshi asosan, quyi bo‘g‘inlarda kurashilib, ular orasidan tutilyapti. Lekin elitar korrupsiya ko‘rinishidagi yirik jinoyatlar bilan kurashilayotganiga guvoh bo‘lmayapmiz. Bu afsuski, jamiyatda yaxshi atmosfera yaratmayapti. Elitar korrupsiya deganda, faqat katta miqdordagi pora oldi-berdisini tushunmaslik kerak. Bu monopolistik, manfaatlar to‘qnashuvi ko‘rinishida ham bo‘ladi va shularga ham qarshi jiddiy kurashish kerak”, — deydi parlament deputati.
Izoh (0)