AQSH sobiq prezidenti Jo Bayden tadbirlarda nutq so‘zlab berish evaziga 300 ming dollar so‘ramoqda. Biroq uni taklif qilmoqchi bo‘lganlar deyarli yo‘q. Bu haqda New York Post xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Baydenning safdoshlari unga omma oldida ko‘rinmaslikni maslahat bermoqda. Biroq u o‘z nutqi orqali 300 ming dollar ishlab olmoqchi. Bu summa o‘z vaqtida 400 ming dollargacha gonorar so‘ragan sobiq prezident Barak Obamanikidan ancha kam. Bayden fevral oyidan beri Creative Artists Agency (CAA) ro‘yxatiga kiritilgan. Mazkur ro‘yxatda Mik Jagger, Garri Stayls va Britni Spirs kabi mashhurlar ham bor.
Agar Bayden nutq so‘zlash uchun qayergadir borishi kerak bo‘lsa, unda sobiq prezidentga xususiy samolyot va besh nafar xodim uchun xarajatlarni to‘lash kerak bo‘ladi. Bunday xarajat sababli Baydenning nutqlariga nisbatan talab yuqori emas.
Bayden prezidentlikdan ketganidan so‘ng ilk bor 16-aprel kuni bayonot berdi. U Illinoys shtatining Chikago shahrida ommaviy nutq so‘zladi. U nogironligi bo‘lgan insonlarga huquqiy yordam ko‘rsatuvchi ACRD nohukumat tashkilotining konferensiyasida ishtirok etgan.
Sobiq prezident taxminan 30 daqiqa nutq so‘zlagan va hozirgi AQSH rahbari Donald Tramp ismini bir marta ham tilga olmasdan uning ma’muriyatining ijtimoiy ta’minot sohasidagi siyosatini tanqid qilgan.
Yangi ma’muriyat 100 kundan kam vaqt ichida shunchalik ko‘p zarar va vayronagarchilikka sabab bo‘ldi. Bularning shu qadar tez sodir bo‘lgani hayratga soladi, degan u.
U Tramp ma’muriyatini ijtimoiy ta’minot xarajatlarini qisqartirgani, davlat xizmatchilari sonini kamaytirgani hamda migratsiya siyosati uchun tanqid qildi va bu harakatlarni “vayronkor” deb atagan edi.
Izoh (0)