Apple kompaniyasi tarixdagi eng qimmat smartfon — buklanadigan iPhone modelini taqdim etishni rejalashtirmoqda. Qurilma ekranining markazi odatdagi egilish izisiz bo‘ladi. Bu haqda Fortune nashri xabar berdi.

Tahlilchilar fikricha, Apple konstruksiyani mustahkamlash uchun Samsung kompaniyasining OLED-displeylari va metall plastinalaridan foydalanadi. Ushbu plastinalar lazerli parmalash texnologiyasi yordamida o‘rnatiladi. Bunday murakkab texnik yechimlar esa qurilmaning yakuniy narxiga bevosita ta’sir qiladi.
Yig‘iladigan iPhone’ning ommaviy ishlab chiqarilishi 2026-yilning ikkinchi yarmida boshlanishi kutilmoqda. Uning narxi 2–2,5 ming AQSH dollari atrofida bo‘ladi.
TF International Securities kompaniyasi taniqli tahlilchisi Ming-Chi Kuonga ko‘ra, yangi iPhone’lar uchun Janubiy Koreyaning Fine M-Tec kompaniyasi ishlab chiqargan metall plastinalar qo‘llanadi. Ular ekran deformatsiyasining oldini oladi, chunki yuklamani butun ekran yuzasiga bir tekis taqsimlaydi.
Bunday plastinalarning har biri Apple’ga 30–35 dollarga tushishi kutilmoqda. Ularni lazer orqali o‘rnatish jarayoni ham xuddi shuncha xarajat talab qiladi. Bu oddiy o‘rnatish usullariga nisbatan 15–20 dollarga qimmatroq. Natijada buklanadigan iPhone ishlab chiqarishning aynan shu bosqichi standart modellarga qaraganda 175 foizga qimmatga tushadi.
Kutilayotgan texnik xususiyatlar:
Tahlilchilarning taxminiga ko‘ra, buklanadigan iPhone quyidagi asosiy xususiyatlarga ega bo‘ladi:
- 7,8 dyuymli ichki ekran — bukilish izi sezilmaydigan silliq yuzada;
- 5,5 dyuymli tashqi ekran;
- ikkita asosiy kamera va bitta old kamera;
- Touch ID sensorli quvvat tugmasi (Face ID bo‘lmaydi).
Apple buklanadigan qurilmalar bozoriga nisbatan kech kirib kelmoqda, Samsung bunday smartfonlarni 2019-yildan buyon ishlab chiqaradi. Biroq Apple odatdagidek shoshilmay, sifat va barqarorlikka ustuvor ahamiyat qaratmoqda.
Izoh (0)