Xitoylik ayol o‘zining ikki o‘g‘lini jami 11 600 dollarga sotib, mablag‘ni jonli efir olib boruvchi strimerlarga “sovg‘a” tarzida yubordi va o‘ziga kiyim-kechak sotib oldi. Bu haqda South China Morning Post xabar berdi.

26 yoshli Huang ikkinchi farzandini faqat sotish maqsadida dunyoga keltirgani aniqlangan. U Guansi provinsiyasidan bo‘lib, faqat boshlang‘ich maktabni tamomlagan. Keyinchalik Fuchjou shahriga ko‘chib o‘tib, turli mayda ishlar bilan kun kechirgan.
Huang bolaligida asrab olingan, tarbiyalovchi ota-onasining loqaydligi sababli erta yoshdayoq uydan chiqib ketgan. U 2020-yil oktyabr oyida birinchi o‘g‘lini dunyoga keltirgan. Ammo moliyaviy qiyinchiliklar va bolaning otasining yo‘qligi uni bola tarbiyasidan voz kechishga majbur qilgan. Ayol qiyinchilikdan qutulish uchun chaqaloqni sotishga qaror qilgan.
Uy egasi (ijara beruvchi) Huangning rejalaridan xabar topib, bepusht qarindoshiga bu haqda ma’lumot bergan. Natijada bola 45 000 yuan (taxminan 6 300 dollar) evaziga sotilgan. Ayol o‘sha pulning barchasini strimerlarga xayriya tarzida yuborgan.
Pul tugagach, Huang yanada keskinroq choraga qo‘l urgan. U ataylab erkaklar bilan jinsiy aloqa qilib, yana bola ko‘rish va uni sotish orqali foyda ko‘rmoqchi bo‘lgan.
2022-yilda u ikkinchi o‘g‘li — Guyuni dunyoga keltirib, uni 38 000 yuan (5 300 dollar) evaziga vositachiga sotgan. Vositachi esa chaqaloqni 103 000 yuan (14 000 dollar) evaziga boshqa bir xaridorga qayta sotgan. Huang bu pulni ham strimerlarga yuborgan, shuningdek, kiyim-kechak va boshqa hashamatli buyumlar xarid qilgan.
2022-yil 13-aprelda Huang firibgarlikda gumonlanib ushlangan. Tergov davomida uning telefonidan bolalarni sotish bilan bog‘liq yozishmalar topilgan. Ikkala bola ham aprel oyida politsiya tomonidan topilgan va hozirda mahalliy fuqarolik ishlari boshqarmasi qaramog‘ida, asrab olinishi kutilmoqda.
2022-yil 8-iyulda sud Huangni odam savdosi va firibgarlik uchun 5 yil 2 oyga ozodlikdan mahrum qilgan, unga 30 000 yuan (4 000 dollar) jarima ham belgilangan. Birinchi bolani sotib olgan shaxs 9 oyga ozodlikdan mahrum etilgan. Huangga uyini ijaraga bergan erkak esa 7 oyga qamoq jazosiga hukm qilingan.
Izoh (0)