Hindistonning Sigachi Industries SIGC.NS kimyo zavodida 30-iyun kuni portlash va yong‘in yuz berdi. Oqibatda halok bo‘lganlar soni 39 kishiga yetdi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Hodisa oqibatida zavod 90 kunga ish faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan. Obyekt Telangana shtatida joylashgan, hukumat hodisani tekshirish uchun 5 kishidan iborat qo‘mita tuzgan. Portlash sababi kompaniya tomonidan hozircha oshkor qilinmagan. Halok bo‘lganlar soni dastlab 34 kishini tashkil etgan, lekin 1-iyul kuni ularning soni 39 taga yetgan.
“Hali ham vayronalarni tozalayapmiz. Bino butunlay qulab tushgan. Tozalash ishlari yakunlangach, yana jasadlar bor yoki yo‘qligini ma’lum qila olamiz”, dedi yong‘in-qutqaruv xizmati vakili.
Politsiyaga ko‘ra, hodisa yuz bergan vaqtda zavodda 140 dan ortiq kishi bo‘lgan. Halok bo‘lganlardan 25 nafarining shaxsiga aniqlik kiritilmagan.

“Men hojatxonaga borish uchun zavoddan chiqdim va kuchli portlashni eshitdim. Bu xuddi bomba portlashiga o‘xshardi. Tashqariga chiqib, qarasam yong‘in boshlanibdi. Uning bir qismi men tomonga ham tarqaldi. Devordan oshib, qochishga erishdim. Ichkaridagilarning ba’zilari qochishga muvaffaq bo‘ldi, biroq ko‘plab odamlar qolib ketdi”, dedi 32 yoshli zavod ishchisi Chandan Gaund.
Mikrokristalli sellyuloza ishlab chiqaradigan Sigachi AQSH, Avstraliya va boshqa ko‘plab mamlakatlar farmatsevtika, oziq-ovqat, kosmetika va maxsus kimyo sohalariga xizmat ko‘rsatadi.

Tamilnadu shtatining janubidagi Sivakasi kreker fabrikasida ham 1-iyul kuni yirik yong‘in sodir bo‘lgan. Oqibatda 5 kishi halok bo‘lib, 4 kishi jarohat olgan.
Izoh (0)