O‘zbekistonda bankdan qarzi mavjud aholi ko‘lami ortib bormoqda. Bu haqda Markaziy bankning navbatdagi sharhida so‘z bordi.
“Krediti borlar ko‘paymoqda”
Markaziy bank hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘tgan yili banklardan kredit olgan jismoniy shaxslar soni 4,7 mln kishini tashkil etgan. Bu 2023-yildagidan 18 foizga ko‘p.
“2024-yil yakunida har ming kishiga banklar oldida qarz majburiyati mavjud 224 nafar mehnatga layoqatli yoshdagi doimiy aholi to‘g‘ri kelib, 2023-yilga nisbatan 31 kishiga ortgan”, deyiladi sharhda.
Taqqoslash uchun, 2020-yil boshida har ming kishidan 100 nafardan ko‘prog‘ida bankdan qarz bor edi.

Kreditlarning to‘rtdan biri mikroqarz
2025-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, banklardan mikroqarz (kichik miqdordagi kreditlar) olganlar soni 2,3 mln kishiga yetgan (2024-yil 1-yanvaridagidan 37 foiz ko‘p). Banklardan jismoniy shaxslar olgan jami kreditlarning 24 foizi mikroqarzlar hisoblanib, ularning miqdori 42,4 trln so‘mga teng bo‘lgan.
“2024-yil yakunida muammoli kreditlarning mikroqarzlar tarkibidagi ulushi 4 foizni tashkil etdi. Bu 2023-yildagidan 2 foizga ko‘p. Mikroqarzlar bo‘yicha muammoli kreditlarning 53 foizi qoniqarsiz, 16 foizi esa umidsiz kreditlardir”, deyiladi sharhda.
2024-yil davomida aholiga ajratilgan avtokreditlar qoldig‘i 6 foizga kamaydi, mikroqarzlar qoldig‘i esa 73 foizga ortdi.
“Mikroqarzlar ajratishda aniq maqsad va garov taʼminotining talab etilmasligi natijasida qarzdorlarning o‘z majburiyatlarini bajara olmasligi banklarda kredit yo‘qotish xavfini oshiradi”, deya xavotir bildirgan Markaziy bank.
O‘tgan yili ipoteka kreditlari qoldig‘i 67,7 trln so‘mni tashkil etib, 2023-yil yakuniga nisbatan 16 foizga o‘sgan.
Aholi nega kredit olmoqda?
2025-yil yanvarda Markaziy bank maxsus so‘rov o‘tkazib, aholining nima maqsadlarda qarz olayotganini aniqladi. So‘rovda qatnashganlarning 73 foizi o‘zi yoki oila aʼzolaridan biri bankdan kredit olgani yoki bankdan tashqari qarzdorligi mavjudligini aytgan. Ishtirokchilardan 64 foizi banklardan qarz majburiyatlari borligini maʼlum qilgan.
“Respondentlarning 43 foizi qarz mablag‘larini uy-joy sotib olish yoki taʼmirlash hamda avtomobil xarid qilishga yo‘naltirgan”, deya qayd etgan Markaziy bank.
So‘rovda ishtirok etganlardan 70 foizi bank va bankdan tashqari jami qarzlari bo‘yicha oylik to‘lov miqdori 6 mln so‘mdan kamligini aytgan. Qarz majburiyatiga ega respondentlarning to‘rtdan bir qismida oylik to‘lov miqdori 2–4 mln so‘m oralig‘iga to‘g‘ri kelmoqda. Respondentlarning 55 foizi qarz majburiyatlari bo‘yicha 2–3 yil, 5 yil va undan ortiq muddatli to‘lovlar qolayotganini taʼkidlagan.
“Respondentlarning 64 foizi qarz majburiyatlarini o‘z vaqtida to‘lashda qiyinchiliklarga duch kelmoqda”, deb yozadi regulyator.
So‘rovda qatnashganlarning 20 foizi o‘zi yoki oila aʼzolari tomonidan keyingi yarim yil davomida qarzga ehtiyoj borligini qayd etgan. Mazkur qarz majburiyatlari asosan uy-joy sotib olish yoki taʼmirlash maqsadida jalb qilinishi rejalashtirilgan.
Xavotirli qarz yuki
Tahlil qilinishicha, 2024-yilda mamlakatda kredit olgan fuqarolarning o‘rtacha qarz yuki (daromadning qanchasi qarz to‘lashga ketishi) 34 foizni tashkil etgan. Bankdan jami kredit olganlarning 40 foizi oylik daromadining 50 foizidan ortig‘ini kredit to‘lashga sarflaydi.
Qarz yuki 26–50 foiz oralig‘ida bo‘lgan aholining kreditlari umumiy qarzlarning 42 foizini tashkil etgan. Qarzdorlarning 12 foizida qarz yuki 100 foizdan ortiq, yaʼni ularning butun daromadi qarz to‘lashga ketadi. Bunday holda kredit qaytarilmaslik xavfi juda yuqori.
“Ipoteka krediti olgan jismoniy shaxslarning beshdan bir qismi daromadlarining asosiy qismini qarz to‘lashga sarflamoqda. 2024-yilda ipoteka qarz oluvchilarning 21 foizida qarz yuki 100 foizdan yuqori bo‘lgan, 39 foizida 50 foizdan past bo‘lgan. Ipoteka krediti olgan barcha jismoniy shaxslarning o‘rtacha qarz yuki 65 foizga to‘g‘ri kelgan”, deya qayd etgan Markaziy bank.
Sharhlanishicha, 2024-yilda avtokredit olgan fuqarolarning qarz yuki o‘rtacha 61 foizni tashkil etgan. Ikkinchi yarim yillikda bu ko‘rsatkich pasaygan va 50 foizdan yuqori qarzdorlar ulushi 40 foizga tushgan.
Izoh (0)