Markaziy bank so‘nggi 10 yillikdagi milliy valyutadagi bank kreditlarining yillik foiz stavkalari bo‘yicha maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, 2013-yil iyulida mamlakat banklaridagi kredit foiz stavkalari 15,8 foiz bo‘lgan. 2023-yilning iyul oyida esa bu ko‘rsatkich 23 foizga yetgan. Qolgan yillarda (iyul holatiga) kreditlarning yillik foiz stavkalari quyidagicha bo‘lgan:
- 2014-yilda 16,2 foiz;
- 2015-yilda 14,2 foiz;
- 2016-yilda 14,1 foiz;
- 2017-yilda 15,0 foiz;
- 2018-yilda 19,9 foiz;
- 2019-yilda 24,8 foiz;
- 2020-yilda 20,6 foiz;
- 2021-yilda 21,3 foiz;
- 2022-yilda 22,4 foiz.
Maʼlumotlarga ko‘ra, joriy yilda aholining avtokreditlar, mikroqarz hamda ipoteka kreditlariga talabi yuqori bo‘lmoqda.
“Ushbu holat uy xo‘jaliklari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlarda ham qayd etildi. Respondentlarning aksariyati kelgusida uy-joy, mebellar, maishiy texnika hamda avtomobillar xaridi uchun kreditlar olishini va xarajatlari ko‘payishini maʼlum qilgan. Chakana kreditlarga bo‘lgan talabning ortib borishiga aholining kelgusidagi daromadlari o‘sishi bo‘yicha ishonchlarining oshayotgani asosiy sabablardan bo‘lmoqda. Ajratilayotgan kreditlar, asosan, isteʼmolni qo‘llab-quvvatlovchi xususiyatga ega ekani kelgusida talab inflyatsiyasining uzoqroq muddat saqlanib qolishi bo‘yicha signallar bermoqda”, — deya maʼlum qilgan Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov.
Jamoatchilik muhokamasi uchun taqdim etilgan “O‘zbekiston-2030” strategiyasida bank sohasi uchun belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlardan biri sifatida kredit foizlarini 10-12 foizgacha pasaytirish ko‘rsatilgan.
Izoh (0)