Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025-yil 1-choragi bo‘yicha byudjet ijrosi to‘g‘risida maʼlumot berdi.

Oylik va nafaqadan pul tejalib, boshqa chiqimlar oshirilgan
Yanvar-mart oylarida konsolidatsiyalashgan davlat byudjeti daromadlari 97,2 trln so‘mni, xarajatlari esa 113,8 trln so‘mni tashkil etdi. Byudjet taqchilligi — 16,6 trln so‘m. Taqqoslash uchun, 2024-yil mos davrida tushumlar 75,6 trln so‘m, chiqimlar 98 trln so‘m bo‘lgan.

Dastlabki chorakda davlat xodimlari ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarga uchun byudjetdan 36,3 trln so‘m to‘langan. 2024-yil 1-choragida esa bu raqam 36,8 trln so‘m ajratilgandi. Yillik qisqarish — 500 mlrd so‘m.
Yanvar-mart oylarida ijtimoiy xarajatlarga 39,9 trln so‘m (2024-yil I chorakda 33,9 trln so‘m), iqtisodiyotga 10,4 trln so‘m (o‘tgan yil mos davrida 13,5 trln so‘m) sarflangan.
Davlat boshqaruviga xarajatlar o‘tgan yil mos davridagidan 700 mlrd so‘mga ko‘paytirilib, jami 4,5 trln so‘m ajratilgan.

Davlat qarzining foiz to‘lovlariga xarajatlar bir yil avvalgiga qaraganda 800 mlrd so‘mga ortgan va 3,3 trln so‘m yo‘naltirilgan.
Ijtimoiy soha tarkibida taʼlimga 18,5 trln so‘m, sog‘liqni saqlashga 9,3 trln so‘m, pensiyalarga 5,3 trln so‘m yo‘naltirilgan.
Uch oy davomida nafaqalar, moddiy yordam va kompensatsiya to‘lovlariga xarajatlar qariyb 1 trln so‘mga qisqartirilgan. Yaʼni 3,3 trln so‘m ajratilgan (2024-yil mos davrida 4,3 trln so‘m).
Hududlar byudjeti
Yanvar-mart oylarida mahalliy byudjet daromadlari 15,7 trln so‘m (2024-yil I chorakda 12,9 trln so‘m), xarajatlari 22,2 trln so‘m (o‘tgan yil mos davrida 18,4 trln so‘m) bo‘ldi. Bunda joriy yil hisobot davridagi mahalliy bayudjet taqchilligi 6,5 trln so‘mni tashkil etgan. O‘tgan yil uch oyligida esa bu ko‘rsatki 5,5 trln so‘m bo‘lgan.

Umuman olganda, joriy yil I chorakda O‘zbekistonning birorta hududi daromadlari xarajatlaridan ko‘p bo‘lmagan. Tushum va chiqimlari o‘rtasidagi eng yirik taqchillik Farg‘ona viloyatida kuzatilgan — 828 mlrd so‘m. Eng kam defitsit Navoiy viloyatida qayd etilgan — 94,8 mlrd so‘m.
Subsidiyalar
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, I chorakda byudjetdan 8 trln so‘mlik subsidiyalar ajratilgan. Shundan 5,4 trln so‘mi energetikaga yo‘naltirilgan. Xusuan, tabiiy gaz sotuvidan ko‘rilgan zararni qoplashga 4,4 trln so‘m subsidiya berilgan (o‘tgan yil mos davrida 8 trln so‘m).

Joriy yilning ilk uch oyida byudjetdan issiqlik taʼminoti korxonalari ko‘rgan zararni qoplashga 985 mlrd so‘m subsidiya to‘langan.
Shu bildan birga, nodavlat bog‘chalar (895 mlrd so‘m), aholini uy-joy bilan taʼminlash (398,5 mlrd so‘m) va avtobusda yo‘lovchilarni tashishni moliyalashtirishga (302 mlrd so‘m) qolgan tarmoqlarga nisbatan ko‘proq subsidiyalar berilgan.
Izoh (0)