Farg‘ona viloyatida noqonuniy diniy saboq berish holatlari aniqlandi, deb xabar bermoqda DXX.

Keltirilishicha, DXXning viloyat boshqarmasi tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda diniy ta’limotdan saboq berish tartibini buzish holatlari fosh etildi.
9-iyun kuni Rishton tumani “Yuqori Avazboy” MFY Ittifoq ko‘chasida yashovchi shaxs uyida hujra sharoitida 10 nafar voyaga yetmagan bolaga diniy saboq berib kelayotgani aniqlandi. Bolalarning 4 nafari 2015, 3 nafari 2017 va 2 nafari 2019-yilda tug‘ilgan. Ular Rishton va Oltiariq tumanlaridagi maktab o‘quvchilari.
Ma’lum bo‘lishicha, may oyi oxirida yashash uyida hujra tashkil qilgan shaxs o‘z xizmati evaziga bolalarning ota-onalaridan 500-600 ming so‘mdan haq olib kelgan.
Shuningdek, 2025-yil 10-iyun kuni o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa 1969-yilda tug‘ilgan Bag‘dod tumanida yashovchi shaxs o‘z uyida hujra sharoitida diniy saboq berish bilan shug‘ullangan. U tegishli vakolati bo‘lmagan holda, oyiga 1 mln so‘m evaziga 17 nafar bolaga noqonuniy diniy saboq bergan.
Toshkent shahri, Andijon va Jizzax viloyatlaridan kelib hujrada tahsil olayotganlarning 11 nafari hali bolalar.
Bundan tashqari, 11-iyun kuni Buvayda tumanida yashovchi shaxs ham noqonuniy diniy ta’lim berib kelgani aniqlandi. Mazkur shaxs uyida Qashqadaryo, Namangan viloyatidan bo‘lgan 14 nafar voyaga yetmagan bolaga tasdiqlanmagan turli diniy adabiyotlardan foydalanib noqonuniy diniy saboq berib kelayotgani aniqlandi.
O‘zbekistonda farzandini noqonuniy diniy ta’lim olishga jalb etganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirdi. Ushbu qonun loyihasi 2024-yil 25-iyun kuni deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilingandi. Oliy Majlis Senatining 16-avgustdagi yalpi majlisida qonun ma’qullandi.
Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Odiljon Tojiyev buni ayrimlar qonunni noto‘g‘ri talqin qilayotgani sabab bola huquqlari kafolatlarini kuchaytirishga oid qonun bo‘yicha izoh bergandi.
“Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, bolaning umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta’lim olishini ta’minlash, uning intellektual, ma’naviy va jismoniy rivojlanishiga sharoit yaratish ota-onalar majburiyati hisoblanadi. Biroq Odiljon Tojiyev hozirgi kunda bolalarning noqonuniy diniy saboq olishiga, davlatning majburiy ta’lim tizimi ta’siridan chetda qolishiga hamda ularda biryoqlama dunyoqarash va mutaassiblik kayfiyati shakllanishiga ota-onalarning o‘zi sababchi bo‘lib qolayotganini aytgandi.
Xususan, noqonuniy diniy ta’lim berish asosan ota-onalar tashabbusi bilan “hujra” sharoitida tashkil etilmoqda. Oxirgi 5 yilda “hujra”da diniy ta’lim olgan 9 705 nafar bola aniqlangan. Aksariyat hollarda ota-onalar o‘z bolalarini diniy ta’lim berish huquqi bo‘lmagan tashkilot yoki shaxs ixtiyoriga bir necha oyga qarovsiz tashlab ketishi kuzatilmoqda. Bu orada bola to‘laqonli shaxs sifatida rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan muhitdan uzilib qolmoqda.
Yuqoridagi xatti-harakat yuridik tilda “bolani qonunga xilof ravishda diniy ta’lim olish jarayoniga jalb qilish”deb bayon qilingan. Qisqa qilib aytganda, ota-ona bolasini ‘hujra’ga topshirsa, javobgar bo‘ladi. “Hujra”lar faoliyati esa ko‘p yillardan beri qonun bilan qat’iy taqiqlangan, degan edi Odiljon Tojiyev.
Shuningdek, bu narsa ota-onaning o‘z farzandiga diniy saboq, ta’lim-tarbiya berishiga umuman aloqasi yo‘qligini, chunki bu har qanday ota-onaning o‘z farzandini shaxsan o‘zi tarbiya qilish bo‘yicha daxlsiz huquqi hisoblanishini qayd etib o‘tgandi.
Izoh (0)