Toshkent shahar Shayxontohur tumanida bolakay “udlinitel”ga osilib 5-qavatdan o‘zini tashladi. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, Shayxontohur tumani Ibn Sino mavzesidagi ko‘p qavatli uylarning birida fuqaro 15 nafarga yaqin voyaga yetmagan bolaga noqonuniy diniy ta‘lim berayotgani aniqlangan. U bolalarni kaltaklagani oqibatida 1 nafar bola elektr uzaytirigich simiga osilib, 5-qavatdan o‘zini tashlagan. Bolakay jarohat olib, ko‘plab sinish va chiqishlar bilan shifoxonaga olib borilgan.
Holat yuzasidan o‘tkazilgan dastlabki surishtiruv davomida 1995-yil Qashqadaryoda tug‘ilgan, hech qanday diniy ma‘lumotga ega bo‘lmagan shaxs 1-iyul kunidan boshlab ijaradagi uyida har bir boladan 200 ming so‘m evaziga “hujra” tashkil qilib, 4 nafar bolaga diniy saboq berayotgani aniqlangan. Shuningdek, 14 dona arab tilida yozilgan va nashriyoti noma‘lum bo‘lgan diniy adabiyotlar xolislar ishtirokida hujjatlashtirilib olingan.
Mazkur shaxsga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 241-moddasiga asosan 15 sutka ma‘muriy qamoq jazosi tayinlandi. Bolalarga yetkazilgan jarohatlar og‘irlik darajasini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan.
Izoh (0)