Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom AQSH prezidenti Donald Trampni norozilik namoyishlarini bostirish uchun Los-Anjelesga Milliy gvardiya yuborgani sababli sudga bermoqchi. Bu haqda u o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.

“Donald Tramp aynan shuni xohlagan edi. U olov yoqib, so‘ngra noqonuniy ravishda Milliy gvardiyani federallashtirmoqchi bo‘ldi. U imzolagan farmon faqat Kaliforniyaga emas, balki har qanday shtatga aralashish va shunday qilish imkoniyatini beradi. Biz uni sudga beramiz”, deya yozdi Gevin Nyusom.
Shuningdek, gubernator AQSH immigratsiya va bojxona politsiyasi xodimlari o‘z harakatlarini u bilan kelishmayotganini ham aytgan.
Nyusomning MSNBC efirida tushuntirishicha, sud da’vosi u bilan kelishilmagan holda Milliy gvardiya qo‘shinlarini kiritish bilan bog‘liq bo‘ladi, chunki Trampning farmonida bu shart ko‘rsatilgan. Kaliforniya gubernatori AQSH prezidentini tartibsizliklar vaziyatini og‘irlashtirganlikda aybladi.
“U Milliy gvardiyaga rahbarlik qilishini e’lon qilganidan beri vaziyatni yanada keskinlashtirmoqda - bu noqonuniy harakat, Konstitutsiyaga zid axloqsizlikdir”, deya ta’kidladi Nyusom.
Los-Anjelesdagi norozilik namoyishlari uch kundan beri davom etmoqda. Ular mahalliy aholining noqonuniy muhojirlarga qarshi reyd o‘tkazgan federal agentlar bilan to‘qnashuvlaridan boshlandi, natijada o‘sha kuni kamida 44 kishi hibsga olindi. Aholi ko‘chalarni qisman to‘sib qo‘ydi, politsiya bilan to‘qnashuvlar yuz berdi.

Namoyishlarning ikkinchi kunida Tramp tartibsizliklarni bostirish uchun Milliy gvardiyadan 2 ming askar yuborishga qaror qilganini e’lon qilib, Nyusom va Los-Anjeles meri Karen Bass “o‘z vazifalarini bajara olmayotganini” ta’kidladi.
“Federal hukumat aralashadi va TARTIBSIZLIK VA TALONCHILIK muammosini qanday hal qilish kerak bo‘lsa, shunday hal qiladi!!!”, deya Truth Social’da yozdi u, Nyusomning familiyasini buzib, Newscum deb yozdi.
CNNning ta’kidlashicha, federal hokimiyat oxirgi marta 1992-yilda Los-Anjelesdagi tartibsizliklarni bostirish uchun Milliy gvardiyani jalb etgan.
Milliy gvardiyachilar immigratsiya va bojxona xizmati agentlarini, shuningdek, davlat xizmatchilari va federal mulkni vaqtincha himoya qiladi. 8-iyun kuni kechqurun Los-Anjelesga dastlabki 300 nafar askar yetib kelgan.
Mahalliy hokimiyat Trampning qarorini qattiq tanqid qilmoqda. Nyusom Pentagon rahbari Pit Xegsetga milliy gvardiyachilarni joylashtirishni bekor qilish talabi bilan rasmiy xat yo‘llagan. Shuningdek, u Trampni “inqirozni sun’iy ravishda yaratgani” uchun iste’foga chiqishga chaqirdi va uning munosabatini “prezident emas, diktatorning” xatti-harakatiga o‘xshatdi.
Izoh (0)