Samarqand viloyatining Payariq tumanidagi Imom Buxoriy ziyoratgohi obodonlashtirilishi, hududda shaharcha barpo etilayotgani uchun 53 ta uy “snos”ga tushdi. Shundan 15 ta xonadon uchun kompensatsiya puli haligacha to‘lab berilmagan. Viloyat hokimi qabulida bo‘lib, haqini talab qilishga uringanlar esa qamab qo‘yilgan yoki katta miqdorda jarimaga tortilgan. Bu haqda “Daryo”ga kompensatsiya pulini ololmagan fuqarolar so‘zlab berdi.
To‘rt yildan beri ana buziladi, mana buziladi degan gap bor edi. 2025-yilning mart oyida tuman hokimi keldi-da, uyimiz “snos”ga tushganini, tezda buzishimiz kerakligini, puli esa 3-4 kunda to‘lab berilishini aytdi. Shundan so‘ng narxlarini kelishib, uyimizni buzdik. Ayni kunda katta hovlini buzib, ikkita xonani qoldirganmiz. Hokim aytgan 3-4 kunga esa ikki oydan ko‘p vaqt bo‘ldi. Biroq puldan darak yo‘q. So‘rasak, ana beramiz, mana beramiz deyishdan nariga o‘tishmayapti, deydi Guljahon Yo‘ldosheva.

Guljahon Yo‘ldoshevaning aytishicha, qaynonasi Robiya Yo‘ldosheva 75 yoshda bo‘lgani uchun ayni kundagi tartibsiz hayotdan toliqqan.

Uyimiz buzildi. Mahallaga boraman-kelaman. Alisher degan yigit bor, erta deydi, indin deydi. Shu gaplar bilan kun o‘tib ketyapti. Bizlarning so‘zimizni eshitadigan inson yo‘q. Qayoqqa boraylik, nima qilaylik?, deydi Robiya Yo‘ldosheva.

Murojaatchilarning aytishicha, “Xo‘ja Ismoil” mahallasidagi 158 xonadon “snos”ga tushgan. Shundan 58 ta xonadon buzib tashlangan va 12 xonadon egalarining puli to‘lab berilmayapti.
-4p34SKrZ.avif)
Atrofda qurilish bo‘layotgani bois o‘sha buzmay olib qolgan xonalarimiz derazasini ocholmaymiz. Ochsak, ichkari changga to‘ladi. Shu sababmi allergiya kasalligi paydo bo‘lgan. Uyimizda 6 kishi yashardik. Hozir umuman yashashdan qiynalib qoldik. Qaynonam ko‘zim ochiqligida tinch, yaxshi uyga ko‘chib o‘taylik deydi. Bolalar ham ovora, deydi Guljahon Yo‘ldosheva.
-Crcg3se3.avif)
Yana bir murojaatchi Nargiza Qurbonovaning aytishicha, ular yashab kelayotgan uylar 2017-yilda qurilgan.

O‘sha paytdagi viloyat hokimi bizga shu hududdan yer bergandi. 2017-yilda uy qurilishini boshlab, 2018-yilda ko‘chib kirdik. O‘tgan yillar davomida bizga hech kim yordam bermagandi. Mahallamizni ham, yo‘limizni ham o‘zimiz obod qilib, yashab kelayotgandik. Endi uyimizni ham buzishdi. Pulini berishga kelganda esa rahbarlarni ushlab bo‘lmaydi. Bu ham yetmaganidek haqimni talab qilganim uchun faqat menga, yaʼni bizning uyimiz noqonuniy qurilganini, yerlar o‘zboshimchalik bilan egallab olganini aytishib, 75 million so‘m jarimaga tortishdi. Yoshlarga berilayotgan imkoniyat shumi?, deydi u.
-8Jd6QCOn.avif)
Murojaatchi Qurbonovaning aytishicha, ular yashab turgan 8 xonali uy baholash markazlari tomonidan dastlab 879 million so‘mga baholangan. Ammo tuman hokimi bilan kelishmovchilikdan so‘ng, unga 75 million so‘mlik jarima qo‘llanilib, 879 million so‘m 450 million so‘mga tushirilgan.

Uch oydan beri bizni hech kim eshitmayapti. Holimizdan xabar olmayapti. Uyning hujjatlarini olib borib, haqqimizni so‘rasak qog‘ozni yirtib, yuzimizga otishyapti. Hokim: uyingni istasam ekskavator bilan buzib tashlayman deb do‘q-po‘pisa qilyapti. Shunaqa zamonda yashayapmizmi?, deydi Nargiza Qurbonova.

Murojaatchining qo‘shimcha qilishicha, u tuman hokimi Isroil Jabborovning bunday harakatidan norozi bo‘lib, viloyat hokimi qabuliga kirishga uringan. Ammo IIB xodimlari uni maktab zaliga qamab qo‘ygan.


Tuman hokimi shunday gaplarni gapirgach, viloyat hokimi kelganda qabuliga kirishga urindim. Ammo IIB xodimlari meni maktab zaliga 15 daqiqalar qamab qo‘yishdi. Zo‘rg‘a qochib chiqib, viloyat hokimi qabuliga kirdim va bor gapni aytdim. Ammo tuman hokimi viloyat rahbariga hujjatlarida bir-ikkita kamchilik bor deb aldab, mening gaplarimni inkor qildi. Viloyat rahbariga “bo‘ldi, hal qilamiz” deya yolg‘on, gapirdi. Shundan beri sarsonmiz, deydi murojaatchi.
-8gtjsAfQ.avif)
Qishloqdagi 7 xonali uyi buzib tashlangan Nargiza Egamberdiyeva ularga 1 milliard so‘m kompensatsiya to‘lab berilishi vaʼda qilinganini, ammo vaʼda bajarilmayotganini aytmoqda.

Uyimiz 2025-yilning mart oyida “snos”ga tushdi va buzildi. Belgilangan narx bo‘yicha bizga 1 milliard so‘m to‘lab berilishi kerak edi Ammo to‘lanmayapti. Uydagilar bilan sarson bo‘lyapmiz. Sovuq tushmasidan oldin uyimizni qurib, ko‘chib chiqishimiz kerak edi, deydi Nargiza Egamberdiyeva.
-tw1kBrY2.avif)
Vaziyatdan norozilar shuningdek, davlat to‘lab berishi kerak bo‘lgan kompensatsiya puli to‘lanayotganda bank ham foiz olib qolishidan noroziligini aytmoqda.
Davlat tomonidan berilayotgan pulni bankdan olayotgan paytimiz bank o‘z foizini olib qolishini aytmoqda. Biz bundan norozimiz, deydi ahvoli vakillari.
Samarqand viloyati hokimi maslahatchisi, Imom Buxoriy shaharchasi qurilishiga bosh-qosh bo‘layotgan Alisher Raimjonovning “Daryo”ga bildirishicha, shaharcha barpo etilishi munosabati bilan murojaatchilar aytganidek 158 ta emas, 53 ta uy “snos”ga tushgan.

Ayni kungacha 30 ta xonadon egasiga 24 milliard so‘mdan ortiq kompensatsiya pullari to‘lab berildi. Keyingi etapda davlatimiz rahbari topshirig‘i bilan ajratiladigan 22-23 milliard so‘mlik kompensatsiya pullari kelasi juma, 13-iyun kuni kech tushgunga qadar to‘lab berilishi rejalashtirilgan, deydi masʼul.
Hokim maslahatchisining maʼlumot berishicha, Imom Buxoriy shaharchasi 2025-yilning avgust oyiga qadar qurib bitkazilishi reja qilingan.
Bu shaharchaga kelajakda har yili 30 million nafar xorijlik sayyoh kelishi rejalashtirilgan. 5 ta qishloqda kanalizatsiya o‘rnatildi, suv inshootlari barpo etildi. Yer ostidan elektr energiya tortildi. 16 millionta daraxt ko‘chatlari ekildi, deydi hokim maslahatchisi bo‘layotgan ishlar haqida gapirar ekan.
O‘zbekistonning yangilangan Konstitutsiyasida “snos” masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan. Xususan, 27-moddada har kim “turar joyi daxlsizligi huquqiga ega” ekani kafolatlangan.
Bundan tashqari, ayni kunda prezident maslahatchisi sifatida faoliyat yuritayotgan, sobiq Adliya vaziri Ruslanbek Davletov “Yangilangan Konstitutsiya kafolati sabab endi hech kim osonlikcha birovning uyini ‘snos‘ qila olmaydi” — degandi.
Buzishga tushganda kompensatsiya beriladigan uy-joylar ko‘lami kengaytirildi – endi agar aholi punkti ichida joylashgan, lekin “kadastri bo‘lmagan” uylar buzilsa ham, agar ushbu yer bo‘yicha 15-yildan ortiq soliqlar to‘lab kelingan bo‘lsa kompensatsiya to‘lanadi. Taʼbir joiz bo‘lsa, ushbu qonun 3 millionga yaqin hujjatsiz uylarni buzilishdan “sug‘urtalaydi, deya taʼkidlagandi u.
Izoh (0)