Xitoyning Poly Changa kompaniyasi Taxtaqoracha dovonida pulli tunnel qurishi mumkin.

Transport vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, Ilhom Mahkamov kompaniya bosh direktori Jechun Myao bilan muzokara o‘tkazdi. Tomonlar Kitob—Shahrisabz—Qarshi avtomobil yo‘lini qayta qurish loyihasini muhokama qilib, loyihani tezroq amalga oshirish bo‘yicha keyingi qadamlarni belgiladi.
Shuningdek, kompaniya tunnellar qurishdagi boy tajribasini ma’lum qilib, Taxtaqoracha dovonida yangi tunnel qurish loyihasiga qiziqish bildirgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 11-iyuldagi yig‘ilishda Taxtaqorachada tunnel qurish bo‘yicha to‘rt yil avval topshiriq berilgani, ammo hali loyiha ham mavjud emasligini tanqid qilgandi. O‘sha yilning oktyabr oyida Qashqadaryo viloyatidagi yig‘ilishda yana bir bor mazkur tunnel masalasi ko‘tarilgan. Mutasaddilarga Taxtaqoracha dovonidan o‘tish talablarini yengillashtirish topshirig‘i berilgan.
Ilhom Mahkamov 2025-yilning iyulida Taxtaqoracha dovonida tunnel qurish bo‘yicha tender davom etayotganini, jarayonda uchta kompaniya daʼvogarlik qilayotganini aytgandi.
“Tunnel qurishga talabgorlarda texnik-iqtisodiy asoslarini taqdim qilish masalasi qoldi. Avgust oyida uchta talabgordan biri g‘olib deb topiladi va u bilan tunnel qurish ishlari boshlanadi. Mukammal ishlab chiqilayotgan loyihaviy ishlarni bu yil bitkazib, talabgorni aniqlab, u bilan shartnoma tuzamiz”, degan edi vazir.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tunnel uzunligi 7 kilometr bo‘ladi. Qurilish davlat-xususiy sherikchiligi asosida amalga oshiriladi. Tunneldan pulli yo‘l sifatida foydalanish ko‘zda tutilmoqda.
O‘zbekistonda 2024—2030-yillarda davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qaroriga ko‘ra, Taxtaqoracha dovonida yangi pulli tunnel qurish va boshqarish loyihasining dastlabki qiymati 100 mln dollarni tashkil etadi.
Izoh (0)