Xitoy olimlari inson miya hujayralarini sichqonlarga ko‘chirib o‘tkazib, dofamin darajasini oshirish yo‘lini topdi. Bu haqda South China Morning Post xabar berdi.

Transplantatsiya qilingan hujayralar sichqonlarda xavotirni kamaytirib, rohatlanish tuyg‘usini kuchaytirgan. Olimlarning fikricha, bu usul kelajakda turli neyropsixiatrik kasalliklarni davolash uchun qo‘llanishi mumkin.
Bizning tadqiqotimiz nosog‘lom miya zanjirlarini hujayra terapiyasi orqali qayta tiklashi mumkin. Bu ruhiy kasalliklarni davolashda samarali ekanini ko‘rsatadi, deydi tadqiqotchilar.
Bugungi kunda depressiya dunyo bo‘yicha yuz millionlab odamlarga ta’sir qilmoqda. Ba’zi bemorlarda esa davolashga chidamli depressiya kuzatiladi. Bunday paytda angedoniya — ilgari yoqimli bo‘lgan narsalardan ham zavq ola olmaslik holati yuzaga keladi. U kayfiyat yaxshilangandan keyin ham davom etishi mumkin.
Dofamin ishlab chiqaruvchi maxsus hujayralar — dofaminergik neyronlar motivatsiya, mukofot va harakatni boshqarishda muhim rol o‘ynaydi. Depressiyaga chalingan angedoniyali bemorlarda dofamin faolligi pasayib ketadi.
O‘rta miyada uch turdagi dofaminergik neyronlar mavjud: A8, A9 va A10. Ularning ichida A10 neyronlari ayniqsa zavq va rag‘bat bilan bog‘liq xatti-harakatlarda asosiy ahamiyatga ega. Tadqiqotda yaratilgan sun’iy neyronlar xuddi A10 neyronlari kabi xususiyatlarga ega bo‘ldi. Ularni surunkali stress sababli depressiyaga tushgan sichqonlarga ko‘chirib o‘tkazilganda, ularning xulq-atvori ijobiy o‘zgargan.
Bu tadqiqot og‘ir depressiyani davolashda A10 neyronlariga asoslangan terapiya samarali bo‘lishini ko‘rsatadi va hujayra terapiyasidan ruhiy kasalliklarda ham kengroq foydalanish mumkinligini isbotlaydi, deydi olimlar.
Izoh (0)