AQSHlik Liza Fayerman 4 mingdan ortiq pazllar (qayta yig‘iladigan rasm) to‘plamiga ega bo‘lib, Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi. Bu haqda tashkilotning rasmiy saytida e’lon qilindi.

Liza bunday turdagi hobbiga 2019-yildan boshlab qiziqa boshlagan. Dastlab u mashhur Ravensburger Puzzles kompaniyasi mahsulotlarini sotib olgan. Hozirda uning kolleksiyasi 4060 ta to‘plamdan iborat bo‘lib, ular orasida 123 ta Yangi yil mavzusidagi pazllar, Disney multfilmlari, “Do‘stlar” seriali, “Jeyms Bond” filmlari va Hello Kitty brendi asosidagi mozaykalari mavjud.
Uning ayrim to‘plamlari juda noyob hisoblanadi. Masalan, “Yulduzlar jangi” filmidagi Yoda obraziga bag‘ishlangan pazlni u yetti yil davomida izlagan.


Shundan so‘ng Liza pazl yig‘ish bo‘yicha musobaqalarda qatnasha boshlagan. U AQSH milliy chempionatida uch marta, jahon chempionatida esa bir marta ishtirok etgan:
“Musobaqalar meni ancha holdan toydiradi. Juftlik va jamoaviy bahslarda qatnashishimning sababi birgalikda ishlash men uchun maroqlidir. Men bu kabi tadbirlarni chin dildan yaxshi ko‘raman. Boshqa pazl ishqibozlari bilan tanishish, yangi odamlar bilan muloqot qilish va rassomlar bilan uchrashish menga zavq bag‘ishlaydi”, deydi Liza.


Shunisi qiziqki, u hech qachon rekord o‘rnatishni maqsad qilmagan:
“Men hech qachon jahon rekordini yangilashni xayolimga ham keltirmaganman. Shunchaki pazllarga qiziqqanman, xolos”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Liza Fayermanning kolleksiyasi avvalgi rekorddan ikki barobar ko‘p. 2023-yilda amerikalik erkak Jon Uolchek 2022 ta pazl to‘plami bilan Ginnes rekordini qo‘lga kiritgan edi.
Izoh (0)