Ozarbayjon Suriyaga gaz yetkazib berishni boshlaydi. Prezident Ilhom Aliyev va uning suriyalik hamkasbi Ahmad ash-Sharaʼa tegishli kelishuvga erishdi.

Tomonlar 12-iyul kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda energetika sohasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qilgan.
Yaqin kelajakda Turkiya hududi orqali Ozarbayjon gazini Suriyaga eksport qilish loyihasi amalga oshiriladi. Bu ushbu mamlakatning energiya xavfsizligini ta’minlashga hissa qo‘shadi, deyiladi Ozarbayjon prezidenti matbuot xizmati xabarida.
Aliyev Suriya sobiq hokimiyati davrida Ozarbayjon bilan ikki tomonlama aloqalar turg‘un bo‘lganini eslatdi. U yangi siyosiy rahbariyat ish boshlaganidan so‘ng, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar ochilganini ta’kidladi.
Prezident Ahmad ash-Sharaʼa esa Suriyaning sobiq hukumati mamlakatning xalqaro aloqalariga jiddiy zarar yetkazganini aytdi. U yangi rahbariyat Ozarbayjon bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda faol hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Suhbat davomida Ozarbayjonda suriyalik talabalarga stipendiyalar ajratish, shuningdek, Suriyadagi madaniy yodgorliklarni restavratsiya qilishga oid masalalar yuzasidan ham fikr almashilgan.
Bu Aliyev va ash-Shar’aning ikkinchi uchrashuvidir. Siyosatchilar birinchi marta aprel oyida Antaliyada ko‘rishgan. May oyida Suriya prezidenti Ozarbayjon delegatsiyasini qabul qilgan. O‘shanda ikki tomonlama munosabatlar, mintaqaviy voqealar va iqtisodiy masalalar muhokama qilingan.
2025-yil mart oyi holatiga ko‘ra, Ozarbayjon 12 ta davlatga gaz yetkazib bergan, ulardan o‘ntasi Yevropaga to‘g‘ri keladi. 2025-yilda Boku tashqi bozorlarga 25 milliard kub metr gaz sotgan. Suriya gazni asosan o‘zida ishlab chiqargan yoki Arab davlatlari orqali cheklangan hajmda import qilgan.
Izoh (0)