Gretsiyada qiruvchi samolyotlar va aerokosmik sanoat obyektlarini suratga olayotgan to‘rt nafar Xitoy fuqarosi qo‘lga olindi. Bu haqda Protothema nashri xabar berdi.

Xitoy fuqarolari Tanagra shahrida joylashgan harbiy obyektlarni suratga olayotgan vaqtda ushlangan. Ularning harakatlari shubha uyg‘otgan va “josuslik” gumoni bilan tekshiruvga sabab bo‘lgan. Xususan, suratlar orasida Rafale rusumidagi qiruvchi samolyotlar aks etgani aniqlangan.
Qo‘lga olinganlar — ikki erkak, bir ayol va bir yigit — dastlab Gretsiya aerokosmik sanoati xavfsizlik xodimlari tomonidan payqab qolingan. Xavfsizlik xizmati ulardan hududni tark etishni so‘ragan. Biroq ular bu talabga bo‘ysunmay, yaqin atrofdagi ko‘prikka o‘tib, suratga olishni davom ettirgan.
Voqea haqida zudlik bilan 114-jangovar qanot Harbiy-havo kuchlari politsiyasiga xabar berilgan. So‘ngra chet elliklar ushlanib, so‘roqqa olib ketilgan va keyinroq mahalliy politsiyaga topshirilgan.
Ular bilan birga harbiy hududdan olingan katta hajmdagi fotomateriallar aniqlangan. Hozirda rasmiylar bu hodisa tasodifmi yoki razvedka ma’lumotlarini to‘plashga qaratilgan maxsus operatsiyaning bir qismimi — shuni aniqlash ustida ishlamoqda.
Bu ish jiddiy nazorat ostida. Maxsus xizmatlar allaqachon mavjud dalillarni o‘rganishga kirishgan, deyiladi nashr xabarida.
Ma’lumot uchun, 9-iyul kuni Ukraina xavfsizlik xizmati Kiyevda ikki nafar Xitoy fuqarosini josuslikda gumonlab qo‘lga olgan edi. Tergovga ko‘ra, ular Ukraina tomonidan ishlab chiqilgan “Neptun” raketa tizimi haqida ma’lumot to‘playotgan bo‘lgan.
Izoh (0)