Rossiya Hindistondan bir million mehnat muhojirlari kelishini kutmoqda. Bu haqda Ural savdo-sanoat palatasi rahbari Andrey Besedin ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Ura.ru nashri.

Xorijiy mutaxassislar boradigan hududlar orasida Sverdlovsk viloyati ham ko‘rsatilgan.
Besedinning aniqlik kiritishicha, mintaqa sanoatida ishchi kuchi yetishmasligi muammosini hal qilish aynan Hindiston, Shri Lanka va Shimoliy Koreyadan muhojirlarni jalb qilish orqali amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Mahalliy sanoat korxonalari ishlab chiqarishni ko‘paytirishni rejalashtirmoqda, ammo malakali ishchilar yetishmovchiligi sezilarli darajada.
Savdo-sanoat palatasi rahbarining ta’kidlashicha, Hindiston hukumati bilan joriy yil davomida Sverdlovsk viloyati uchun xodimlarni qo‘shib hisoblaganda bir millionga yaqin ishchi yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Bundan tashqari, ko‘rsatilgan davlatlardan kelgan mehnat muhojirlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish murakkab vazifa bo‘lishi, chunki ularning aksariyati metallurgiya va mashinasozlik sanoati korxonalariga ishga joylashtirilishi kerakligi ta’kidlangan.
Bundan avval Moskvada noqonuniy migrantlarni aniqlash bo‘yicha navbatdagi reydlar o‘tkazilgani xabar qilingandi. Reyd davomida shahardagi xostellar va ibodatxonalar tekshirilgan. Ushbu obyektlardagi 500 dan ortiq muhojir tekshiruv uchun politsiyaga olib ketilgan. Rossiyaga kirish va mamlakatda bo‘lish qoidalarini buzgan 30 dan ortiq kishi ma’muriy javobgarlikka tortilgan va chiqarib yuborilgan. Bundan tashqari, federal qidiruvda bo‘lgan bir nafar migrant qo‘lga olingan.
Izoh (0)