Bugungi geosiyosiy vaziyatda Ukrainadagi mojaro muzokaralar yo‘li bilan emas, balki jang maydonida nihoyasiga yetadi. Bu haqda turkiyalik siyosatshunos, Anqaradagi “Boshkent” universiteti professori Hasan Unal TASS agentligi bilan suhbatda ma’lum qilgan.

“Menimcha, Ukrainadagi bu urush muzokaralar orqali yakunlanmaydi. U front chizig‘ida tugaydi. Men o‘rganayotgan ma’lumotlardan kelib chiqib xulosa qilish mumkinki, Ukraina armiyasi nihoyatda holdan toygan. Kuniga 1,6 ming yo‘qotish - bunday talafot raqamlari Ukraina armiyasiga nisbatan keltirilmoqda. Jang maydonidagi askarlarning o‘rtacha yoshi 46 yoshgacha ko‘tarildi. Fikrimcha, Ukraina bu holatni uzoq vaqt davom ettira olmaydi”, deb ta’kidlagan siyosatshunos.
Unalning fikricha, ma’lum bir paytda Ukraina Qurolli Kuchlari jang qilish qobiliyatini yo‘qotadi.
“Yirik harbiy qismlar taslim bo‘ladi. Ayrim bo‘linmalar esa alohida hududlarda jang qilishni davom ettiradi”, deya qo‘shimcha qildi u.
Professorning aytishicha, ayrim Yevropa davlatlarining pozitsiyasi tufayli hozirgi sharoitda muzokaralar stolida kelishuvga erishib bo‘lmaydi.
“Agar Yevropa davlatlari AQSH prezidenti Donald Trampning Ukraina masalasidagi nuqtayi nazariga qo‘shilganida, muammo hal qilingan bo‘lardi. Muzokaralar jarayoni yo‘lga qo‘yilib, shartlar, bitim va kafolatlar muhokama qilingan bo‘lardi. Biroq Yevropa mamlakatlari AQSHga qaramay, urushni davom ettirishga qat’iy qaror qilishdi. Ular, aniqrog‘i, ayrim davlatlar, xususan Boltiqbo‘yi mamlakatlari, Polsha va boshqalar, agar Rossiya Ukrainada o‘z maqsadiga erishsa, keyinchalik kelib ularni ham bosib oladi, deb o‘ylashadi. Ular shunday fikrdalar va buni tushunish qiyin. Agar urush yana bir-ikki yil davom etsa va Yevropadagi hozirgi hukumatlar, aytaylik, ketib, boshqacha qarashga ega yangi hukumatlar bilan almashsa, o‘shanda Angliya, Fransiya, Germaniya kabi davlatlar muzokaralar yo‘lini tanlashi ehtimoli bor”, deydi Hasan Unal.
Siyosatshunosning fikricha, Yevropaning bir qator mamlakatlaridagi hozirgi hukumatlar “liberal fashizm” ruhida ish yuritmoqda.
“Bu qarshi tomonning hech qanday dalillarini qabul qilmay, faqat o‘z haqiqatlarini yoyayotgan odamlarning katta to‘dasi. Muammoning mohiyati ham shunda. Shuning uchun bunday liberal fashizm fashizmning eng yomon ko‘rinishidir”, dedi siyosatshunos.
Izoh (0)