AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Ukrainadagi mojaroni hal qilish borasidagi harakatlaridan “norozi” ekanini bildirdi. Shu bilan birga, Amerika rahbari jangovar harakatlarni to‘xtatish uchun kelgusida qanday choralar ko‘rmoqchi ekanini aniqlashtirishni istamagan.

“Men buni sizga aytmayman. Biz “kichik syurpriz” tayyorlamoqchimiz”, dedi Tramp Oq uydagi kabineti yig‘ilishida Rossiyaga nisbatan bo‘lajak harakatlar haqida fikr bildirаr ekan.
“Putin har doim biz bilan juda xushmuomala bo‘lgan, ammo bu besamar bo‘lib chiqdi”, deya qo‘shimcha qildi AQSH prezidenti.
Ta’kidlanishicha, Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroni hal qilish u o‘ylaganidan ko‘ra murakkab ekanini tan olgan. U Rossiyaga qarshi sanksiyalar kuchaytirilishi mumkinligini istisno qilmagan, biroq Kongressning yangi cheklovlar to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qilish istiqboli o‘zining qaroriga bog‘liq bo‘lishini ta’kidlagan.
AQSH prezidenti ushbu qonun loyihasini “juda diqqat bilan” o‘rganayotganini aytgan.
“Bu butunlay mening ixtiyorimda. Ular uni faqat mening xohishim bilan qabul qilishadi”, deya ta’kidladi u.
Jangovar harakatlarni iloji boricha tezroq to‘xtatish zarurligi haqida Tramp Putinga 3-iyulda bo‘lib o‘tgan so‘nggi telefon suhbati chog‘ida aytgan. Bunga javoban Putin mojaroni siyosiy yo‘l bilan hal qilishga sodiq ekanini, biroq Rossiya o‘z maqsadlaridan voz kechmasligini ta’kidlagan. Keyinroq Tramp bo‘lib o‘tgan suhbatdan norozi ekanini, chunki “hech qanday natijaga erisha olmaganini” aytdi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning fikricha, Trampda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroga chek qo‘yish imkonini beruvchi “ta’sir vositasi” mavjud.
Izoh (0)