Similarweb tahlil kompaniyasining yangi hisobotiga ko‘ra, ChatGPT foydalanuvchilari sonining ko‘payishi va yangiliklar saytlariga o‘tishlar sonining ortishi qidiruv tizimlariga sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish natijasida yuzaga kelgan organik trafikning umumiy pasayishini qoplamayapti. Bu haqda TechCrunch xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 2024-yil mayda Google AI Overviews (“Sun’iy intellekt sharhi”) funksiyasi ishga tushirilganidan beri, 2025-yil may holatiga ko‘ra, uchinchi tomon resurslariga o‘tishga olib kelmaydigan qidiruv so‘rovlari ulushi 56 foizdan 69 foizgacha oshgan. Shu bilan birga, yangiliklar resurslariga organik trafik hajmi 2,3 milliarddan ortiq tashrifdan 1,7 milliarddan kamroqqa tushgan.
Shu fonda ChatGPT ichida yangiliklar materiallariga qiziqishning keskin o‘sishi qayd etildi. Tegishli so‘rovlar soni 2024-yil yanvaridan 2025-yil mayigacha 212 foizga oshgan. Shuningdek, ChatGPT’dan saytlarga o‘tishlar soni sezilarli darajada ko‘paygani qayd etilmoqda. 2024-yilning birinchi yarmidagi 1 milliondan 2025-yilda 25 milliondan ortiqqa yetgan.

ChatGPT trafigining eng katta o‘sishini qayd etgan nashrlar orasida Reuters (yillik hisobda +8,9%), New York Post (+7,1%) va Business Insider (+6,5%) alohida ajralib turadi. Foydalanuvchilar qiziqishining asosiy yo‘nalishlari moliya, fond bozorlari va sport bo‘lib, tahlilchilar siyosat, iqtisodiyot va ob-havoga qiziqishning ham ortib borayotganini ta’kidlamoqdalar.
“Sun’iy intellekt platformalaridan foydalanishdagi ijobiy tendensiyalarga qaramay, yangiliklar sanoati qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Google’dagi ko‘rinish va an’anaviy SEO usullari o‘z samaradorligini yo‘qotmoqda: yuqori reyting endi tegishli trafikni kafolatlamayapti. Ko‘plab tahririyatlar moslashish yo‘llarini izlamoqda - pullik kirish modellarini joriy etishdan tortib biznes strategiyalarini qayta ko‘rib chiqishgacha. Ba’zi hollarda bu ommaviy qisqartirishlar yoki loyihalarning yopilishi bilan kuzatilmoqda”, deyiladi hisobotda.
So‘nggi olti oy ichida ChatGPT foydalanuvchilari soni ikki baravarga, xizmatning veb-versiyasi trafigi esa 52 foizga oshgan. OpenAI bosh direktori Sem Altman iyun oyi oxirida New York Times gazetasining Hard Fork podkastida sun’iy intellekt texnologiyalari ba’zi kasblar yoki butun ish toifalarining yo‘qolishiga olib kelishi mumkinligini tan oldi.
“Menimcha, ba’zi sohalarda ayrim kasblar yo‘q bo‘lib ketadi, balki butun boshli kasb toifalari ham yo‘qolib ketar. Har qanday kasbning yo‘qolishi, garchi bu jamiyat va umuman iqtisodiyot uchun foydali bo‘lsa ham, ayni paytda juda og‘riqli - nihoyatda og‘riqli bo‘ladi... Ko‘p hollarda bu haqiqatan ham og‘riqli kechadi”, dedi u.
Izoh (0)