Bugun, 26-avgust kuni Iordaniya podshohi Abdulla II ibn al-Husaynning O‘zbekistonga davlat tashrifi nihoyasiga yetdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Iordaniya rahbari 25-avgustda Samarqandga tashrif buyurgandi. Mehmonni prezident Shavkat Mirziyoyev kutib olgan. Ikki davlat rahbari Samarqandning diqqatga sazovor joylarini sayr qilgan.
Bugun (26-avgust kuni tahr.) bo‘lib o‘tgan samarali muzokaralarda hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor va istiqbolli yo‘nalishlari belgilandi, ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishga kelishib olindi. Tadbirlar yakunlangach, Samarqand xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev kuzatib qo‘ydi. Shu bilan davlat rahbari Samarqandga safarini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi, deyiladi manbada.

Eslatib o‘tamiz, Samarqand shahridagi Kongress markazida Shavkat Mirziyoyev va Abdulla II ibn al-Husayn muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Muloqotda kimyo va to‘qimachilik sanoati, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, geologiya, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, turizm va boshqa tarmoqlarda kooperatsiyani kengaytirishga kelishib olingan. Ikki mamlakat islomshunoslik markazlari va institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari ham muhokama qilingan.

Sammitda ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi va vizasiz rejim joriy qilinishi masalasida ham gap borgan.
Izoh (0)