Rossiya harbiylari urushda foydalanayotgan FPV dronlari tobora ko‘proq Ukrainadagi tinch aholini nishonga olmoqda. Bu haqda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha monitoring missiyasi ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, dronlar Ukrainadagi tinch aholi orasida o‘lim va jarohatlanish holatlarining asosiy sabablaridan biriga aylangan. Hatto ayrim oylarda ular bu borada raketa, artilleriya va aviatsiya bombalaridan ham ko‘proq talafot yetkazgan.
Mutaxassislar yuqori aniqlikka ega FPV-dronlari bilan velosipedda, avtomobilda yoki shahar avtobusida ketayotgan tinch aholi vakillari, tez yordam mashinasidagi bemorlar, gumanitar yordam yetkazayotganlar va odamlarni evakuatsiya qilayotganlar nishonga olinganini ta’kidlagan. Hatto o‘z uylarining yaqinida ko‘chada yurgan yoki sayr qilayotgan odamlar ham hujumga uchragan.
Jabrlanganlarning mutlaq ko‘pchiligi Rossiyaning Ukraina hukumati nazoratidagi hududlarga uyushtirgan hujumlari oqibatida aziyat chekkan, deyiladi BMT hisobotida.
Ta’kidlanishicha, dron operatorlari bunday nishonlarni tanlaganida xalqaro gumanitar huquqning asosiy tamoyillarini, xususan, harbiylar va fuqarolarni farqlash hamda ehtiyotkorlik qoidalarini buzgan bo‘ladi.
Ba’zi hodisalar tinch aholiga qasddan qilingan hujum sifatida baholanishi mumkin, bu esa harbiy jinoyat hisoblanadi. Hujumlar o‘lim va jarohatlardan tashqari shundoq ham og‘ir bo‘lgan gumanitar vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda. Chunki tinch aholi asosiy xizmatlar, gumanitar yordam va tibbiy xizmatlardan foydalana olmagan.
Izoh (0)