AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaro misolida uchuvchisiz qurilmalarning zamonaviy urush qiyofasiga sezilarli ta’sirini ko‘rsatdi. Bu haqda u Pod Force One podkastida ma’lum qildi.

“Biz to‘xtatishga harakat qilayotgan Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi dahshatli urushga e’tibor bersangiz, bu uchuvchisiz qurilmalar urushi ekanini ko‘rasiz”, dedi u.
Trampning qo‘shimcha qilishicha, dronlar o‘zini tezkor va aqlli tizim sifatida namoyon etgan va uch yil oldin hech kim ularning jang maydonida shunchalik ta’sirli bo‘lishini tasavvur ham qila olmas edi.
“Uchuvchisiz qurilma bu qadar kuchli qurol bo‘lishini kim o‘ylagan? Ammo u ko‘plab boshqa turdagi qurollarni, hatto samolyotlarni ham o‘rnini bosmoqda”, dedi AQSH prezidenti.
“O‘rgimchak to‘ri” operatsiyasi
Ukraina Xavfsizlik xizmati 1-iyun kuni Rossiyaning beshta aviatsiya bazalariga qarshi keng ko‘lamli maxsus operatsiya o‘tkazdi. Uning maqsadi Rossiya strategik aviatsiyasini, xususan, Ukraina shaharlariga muntazam ravishda hujum qilgan qanotli raketa tashuvchilarini ishdan chiqarish edi.
Operatsiya bir yarim yildan ko‘proq vaqt davomida tayyorlangan va puxta rejalashtirilgan. Hujumlar Rossiyada to‘xtab turgan yuk mashinalaridan uchib chiqqan dronlar yordamida amalga oshirilgan. Bu esa Ukraina chegarasidan uzoq masofada zarbalar berishga imkon bergan.
AQSH razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, yetkazilgan zarar “sezilarli” bo‘lgan, biroq uning ko‘lami hali baholanmoqda Oq uydagi manbalar hujumlar natijasida Rossiya kamida oltita uzoq masofali “Tu-95”, kamida to‘rtta “Tu-22M” bombardimonchi samolyotlarini, shuningdek, har biri 300 million dollar qiymatidagi bir nechta “A-50” radiolokatsion nazorat samolyotlarini yo‘qotganini ma’lum qilgan.
G‘arb ekspertlari fikricha, bu operatsiya urushda burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin va Ukrainaning Rossiyaning strategik obyektlariga zarba berish qobiliyatini namoyish etadi. Operatsiyaga 117 ta dron jalb qilingan. Ular Rossiyaning strategik qanotli raketa tashuvchilarining 34 foizini yo‘q qilgan.
Zelenskiy operatsiyaning “ofisi” Rossiya viloyatlaridan birida Federal xavfsizlik xizmati boshqarmasi yonida joylashganini aytgan. Ukraina prezidenti “noyob operatsiya” uchun xavfsizlik xizmati xodimlariga minnatdorlik bildirgan.
Izoh (0)