Shunday filmlar borki, ularni ko‘rgandan so‘ng ofis diqqinafas joyga aylanib, shahar shovqini esa tobora chidab bo‘lmas tuyuladi. Biroq ruhiy dam olishga yordam beradigan, hatto dengiz bo‘yida hordiq chiqarishga ilhomlantiradigan filmlar ham mavjud.
“Mamma MIA!”
Syujet markazida sevgilisi Skay bilan to‘yga tayyorgarlik ko‘rayotgan qiz Sofi (Amanda Sayfred) turadi. Sofi otasi uni mehrobga olib borishini orzu qiladi, biroq bir muammo bor — u otasining kimligini bilmaydi. Onasi Donnaning (Meril Strip) kundaligini topgach, qiz uchta ehtimoliy nomzodni aniqlaydi: Sem Karmaykl (Pirs Brosnan), Bill Anderson (Stellan Skarsgard) va Garri Brayt (Kolin Fert). Ularning qaysi biri otasi ekanini bilish umidida onasidan yashirincha, u uchala erkakni ham to‘yga taklif etadi. Donnaning sobiq sevgilisining kutilmagan paydo bo‘lishi bir qator kulgili va ta’sirli vaziyatlarga olib keladi, o‘tmishdagi his-tuyg‘ular va oilaviy sirlar ochiladi.
“Mamma MIA!” filmi Egey dengizidagi yunon orollarida suratga olingan. ABBA guruhining “Dancing Queen”, “Super Trouper” va, albatta, “Mamma Mia” kabi qo‘shiqlari hikoyaga jo‘shqinlik va hissiyot baxsh etadi.
“Moviy ko‘rfaz”
Kema halokatidan so‘ng kimsasiz orolda ikki bola — Richard (Kristofer Atkins) va Emmelin (Bruk Shilds) qolib ketadi. Butunlay yolg‘iz qolgan bolalar dunyoni o‘zlari anglashga, madaniyatdan uzoqda yashashni o‘rganishga va voyaga yetgan sari yangi tuyg‘ularni his qilishga majbur bo‘ladi.
Voqealar Yamayka va Fiji orollarida tasvirlangan bo‘lib, bu orollarning go‘zalligini haqiqiy tarzda ko‘rsatish imkonini bergan. Oq qumli moviy qirg‘oq va orqadagi qalin o‘rmonzorlar kundalik hayot tashvishlaridan qochib ketgingiz keladigan jannatdek taassurot qoldiradi.
“Qalb xotirjamligi”
Elizabet Gilbertning shu nomdagi kitobi 2010-yilda ekranlashtirildi. Juliya Roberts ijrosidagi bosh qahramon tashqi ko‘rinishdan mukammal bo‘lgan hayoti — muvaffaqiyatli karyerasi, turmushi, uyi uni baxtli qilmasligini anglaydi. Og‘riqli ajralishdan so‘ng, u o‘zini topish maqsadida sayohatga chiqishga qaror qiladi.
Lizning safari uch bosqichga bo‘linadi, ularning har biri uning ichki izlanishining ma’lum bir qirralarini ifodalaydi. Italiyada u mamlakat madaniyati va oshxonasiga sho‘ng‘ib, oddiy quvonchlardan lazzatlanishni o‘rganadi. So‘ngra Hindistonda meditatsiya orqali ma’naviy yuksalishga intiladi. Nihoyat Balida Gilbert jismoniy va ruhiy muvozanatni topishga hamda yangi muhabbat uchun qalbini ochishga umid qiladi.
Film tashrif buyurilgan har bir mamlakatning o‘ziga xos jihatlari bilan boyitilgan. Tomoshabin qahramon bilan birga Rimning tor ko‘chalarida sayr qiladi, hind ashramida meditatsiya qiladi va Bali sohillarida quyosh botishidan zavqlanadi. Mazkur film ba’zan odatiy narsalarni ortda qoldirib, noma’lumlikka qadam tashlash kerakligini eslatadi.
“Osmonga qo‘l uzat”
Drama o‘limga mahkum etilgan Martin Brest (Til Shvayger) va Rudi Vurlitser (Yan Yozef Lifers) ismli ikki yosh yigitning kasalxona palatasida uchrashishi haqidagi voqeani hikoya qiladi. Yashash uchun sanoqli kunlar qolganini tushunib yetgan baxtsiz do‘stlar kasalxonadan qochib, dengizga yo‘l olishga ahd qilishadi, chunki Rudi uni hech qachon ko‘rmagan ekan. Yigitlar yukxonasida million nemis markasi bo‘lgan mashinani o‘g‘irlaydi. Ularni jinoyatchilar va politsiya ta’qib qilsa-da, qahramonlar so‘nggi orzularini ro‘yobga chiqarish uchun o‘z yo‘llarida davom etadi.
Film tomoshabinga har qanday vaziyatda ham orzulariga intilish va to‘laqonli hayot kechirish naqadar muhimligini eslatadi. Bosh rollarni nemis kinosini mashhur qilgan juftlik — Til Shvayger va Yan Yozef Lifers ijro etgan.
Izoh (0)