Madridning “Real” klubi yarim himoyachisi Luka Modrich faoliyatini Italiya A Seriyasida davom ettiradi. Bu haqda futbol insayderi Fabritsio Romano xabar bermoqda.

Manbaga ko‘ra, 39 yoshli xorvatiyalik futbolchi Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati (KO‘JCH) yakunlangach, “Milan” klubi bilan shartnoma imzolaydi. Tomonlar og‘zaki kelishuvga erishgan va AQSHdagi turnir yakunlangach, yarim himoyachi milanliklar uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kutilmoqda.
Luka Modrich 2012-yildan beri “Real Madrid” safida harakat qilib kelmoqda. Joriy mavsum u barcha musobaqalar doirasidagi 59 ta o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga 4 ta gol va 9 ta golli uzatma yozdirib qo‘ygan. Uning klub bilan shartnomasi shu oyning oxiriga qadar amal qiladi. Transfermarkt portali yarim himoyachining qiymatini 4 million yevroga baholamoqda.
Eslatib o‘tamiz, 27-iyun kuni “qirollik klubi” Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati guruh bosqichidagi so‘nggi uchrashuvini Avstriyaning “Red Bull Zalsburg” klubiga qarshi o‘tkazadi.
Izoh (0)