Google kompaniyasi 40 yildan beri delfin tovushlarini o‘rganib keluvchi Wild Dolphin Project (WDP) tashkiloti tadqiqotchilari bilan DolphinGemma deb nomlangan yangi sun’iy intellekt modelini yaratdi. Bu haqda Fox News xabar berdi.

Qariyb yarim asr davomida WDP delfin tovushlarining xulq-atvor bilan aloqasini o‘rganib kelmoqda. Masalan, hushtak tovushi onalar va bolalarning birlashishiga yordam beradi. Delfinlar o‘zaro janjallashganda pulsli chaqiriq tovushini chiqaradi. G‘uvullovchi ovoz esa tanishuv yoki akulalarni quvlash paytida ishlatiladi.
DolphinGemma delfinlar chiqarayotgan tovushlarni WDP to‘plagan ma’lumotlar bilan solishtirib, ma’no chiqarib beradi. Vaqt o‘tishi bilan tovushlardan so‘zlar, jumlalar yoki iboralar yasaladi. Natijada delfin tili lug‘ati yaratilishiga yo‘l ochadi.
DolphinGemma Google kompaniyasining Pixel telefon texnologiyasidan, xususan, Pixel qurilmalarida ishlatiladigan audio yozish texnologiyasidan foydalanib, delfinlar ovozlarining toza va sifatli audio yozuvlarini qayd etadi. Ushbu texnologiya to‘lqinlar, qayiq dvigatellari va boshqa suv osti chalg‘ituvchi shovqinlardan delfin ovozlarini ajratib beradi. Google’ning ta’kidlashicha, sun’iy intellekt modeli 2025-yilning yozida ommaga taqdim etiladi.
Bu tadqiqot Atlantika dog‘li delfinlarida sinab ko‘rilgan bo‘lsa-da, mutaxassislar model bottlenoz yoki spinner delfinlari kabi boshqa turlarda ham muvaffaqiyatli kechishiga umid qilmoqda.
Izoh (0)