Xorazm viloyatining Tuproqqal’a tumanidagi Damas zavodida 100 million dollar hisobiga bozorda katta talabga ega arzon avtomobil ishlab chiqarish boshlanadi.

Bu yangilik 2-may kuni viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda e’lon qilindi. Avtomobil Yevro-5 ekologik standartiga javob beradi, 7 o‘rindiqqa ega bo‘ladi.
Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarga joriy yilda hamkorlar bilan muzokarani yakunlab, keyingi yilda yirik uzelli yig‘ish usulida ishlab chiqarishni boshlash, 2027-yilda to‘liq siklga o‘tib, mahalliylashtirishni 50 foizga olib chiqishni topshirdi.
Slovakiya kompaniyasi Tuproqqal’aga 10 million dollar kiritib, 500 gektar qumli yerni o‘zlashtirishni boshladi. Ushbu investor 170 million dollar hisobiga yana 4,5 ming gektar qumli yerni foydalanishga kiritib, raps o‘simligini ekish va undan bioetanol ishlab chiqarishni reja qilgan. Mas’ullarga bu loyiha uchun zarur ko‘makni ko‘rsatish topshirildi.
Tuproqqal’a tumanidagi Damas avtomobillari ishlab chiqaruvchi zavod
Ushbu zavod UzAuto Motors AJning Xorazm viloyati filialiga tegishli bo‘lib, 2022-yil noyabr oyida faoliyatini boshlagan. U Damas va Labo rusumli avtomobillarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Zavodning ochilishi ishsizlik darajasi yuqori bo‘lgan Tuproqqal’a, Hazorasp va Pitnak hududlarida yangi ish o‘rinlari yaratish maqsadida amalga oshirilgan.
Izoh (0)