Xiva shahridagi “Angarik” mahallasidagi bo‘sh maydonda ma’muriy binolar qurilib, shahardagi barcha davlat tashkilotlari shu yerga ko‘chiriladi. Bu haqda 2-may kuni Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Davlat rahbari Xiva shahrida faqat turistlarga xizmat ko‘rsatadigan obyektlar bo‘lishi kerakligini ko‘rsatib o‘tdi.
Xususiylashtirish dasturiga asosan 2025 yilda Xorazmda 41 ta davlat binosi, 350 gektar yer uchastkasi savdoga qo‘yilmoqda.
“Bu xizmat ko‘rsatish, turizm va ishlab chiqarish sohalari uchun katta imkoniyat”, dedi prezident.

Masalan, Urganch shahridagi o‘rganishlar natijasida 61 ming kvadrat maydoni, 21 gektar yeri bo‘lgan 45 ta davlat binosi aniqlandi. Ular negizida mehmonxona, xizmat ko‘rsatish va savdo markazlari, ko‘ngilochar maskanlar qurib, kamida 500 kishini band qilish mumkinligi ta’kidlandi.
Mutasaddilarga Urganch, Xivadagi barcha ma’muriy binolarni savdoga chiqarish bo‘yicha katta dastur ishlab chiqish topshirildi.
Shavkat Mirziyoyev 27-mart kuni davlat mulkini xususiylashtirish bo‘yicha joriy yilgi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazganida tadbirkorlikni rivojlantirish, yer va inshootlardan samarali foydalanish maqsadida xususiylashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar qilinayotganini aytgandi. 2021-2024-yillarda 47 trillion so‘mlik davlat aktivlari sotilgan. Bu oldingi o‘n yillikdagi ko‘rsatkichdan 30 karra ko‘p.
Izoh (0)