Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 2-may kuni bo‘lib o‘tgan prezident raisligidagi yig‘ilishda infratuzilma sohalaridagi vazifalar muhokama qilindi.

Unga ko‘ra, Xorazmda 2025-yilda 1,5 ming kilometr yo‘l va 20 ta ko‘prikni rekonstruksiya qilish va ta’mirlash, 80 ta avtobus olib kelib, 6 ta yangi yo‘nalishni ishga tushirish maqsad qilingan.
Ma’lum qilinishicha, Qoraqalpog‘istondan Xorazmga keladigan yo‘l sifati yomonligi bois yiliga qo‘shimcha 300-400 ming turist jalb qilish imkoniyati yo‘qotilmoqda. Mas’ullarga Urganch—Gurlan—Mang‘it yo‘lini rekonstruksiya qilish bo‘yicha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan muzokara o‘tkazish, 10 ta tumanni o‘zaro bog‘lovchi ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun Osiyo infratuzilma va investitsiya bankidan 75 million dollar jalb qilish topshirildi.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, Urganch shahrining o‘zida 100 ta zamonaviy avtobusga ehtiyoj bor. Tadbirkorlar bilan birgalikda bu yil 80 ta, keyingi yil yana 20 ta zamonaviy avtobus va 50 ta mikroavtobus olib kelinishi, Qo‘shko‘pir, Xonqa, Yangibozor, Xiva shahrida 4 ta yangi avtostansiya qurilishi, yil yakunigacha 10 ta yangi zamonaviy trolleybus xarid qilinishi belgilandi.
Buxoro—Xiva temiryo‘lini elektrlashtirish yakunlandi. Natijada yo‘lovchi tashish 500 mingdan 3,3 millionga, yuk tashish 1,1 million tonnadan 5,8 million tonnaga yetadi. Mutasaddilarga kelgusi yilda 6 ta tezyurar elektropoyezd olib kelish topshirildi. Natijada Toshkentdan Urganchga yetib kelish 14 soatdan 7 soatga, Buxorodan Xivagacha esa 6 soatdan 3 soatga qisqaradi.
2025-yilda Gurlanda yangi temiryo‘l vokzali qurilishi, Hazoraspdagi vokzal rekonstruksiya qilinishi belgilandi.
Bog‘ot, Gurlan Xonqa, Yangibozor, Hazorasp va Urganch tumanida 49 ta mahalla infratuzilmasini yaxshilashga xalqaro moliya tashkilotlaridan 61 million dollar jalb qilinadi.
Bundan tashqari, 2025-yilda 70 ta og‘ir mahallaga tadbirkorlik infratuzilmasi uchun byudjetdan 233 milliard so‘m ajratildi. Bunga qo‘shimcha yana 10 ta mahallani tanlab olib, 15 milliard so‘m yo‘naltirish topshirildi.
-Iq1OdX1-.avif)
Viloyatdagi ichimlik suvi tarmog‘ining 16 foizi va kanalizatsiya tarmog‘ining 27 foizi yarim asr oldin qurilgani bois, rekonstruksiyaga muhtojligi ko‘rsatib o‘tildi. Urganch, Xiva va Pitnak shaharlarining kanalizatsiya tizimi yangilanishi kerak. Bu ishlar uchun 2025-yilda 1,1 trillion so‘m ajratilib, tez fursatda Urganch, Xiva, Pitnak shaharlari va Gurlan tumani markazidagi oqova suv tizimini rekonstruksiya qilish boshlanadi.
Mutasaddilarga yil yakunigacha 101 kilometr suv va kanalizatsiya tarmog‘i, 6 ta suv inshooti qurish, xalqaro moliya tashkilotlaridan Xorazmning barcha tumanlaridagi oqova tizimiga yana 85 million dollar jalb qilish topshirildi.
Davlat rahbari 1-may kuni Xorazm viloyatida transport xizmatlarini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishgandi. Jumladan, yangi olib kelingan avtobuslarni ko‘zdan kechirgandi. Prezident jamoat transportini tumanlar bilan samarali bog‘lab, yo‘nalishlarni qulaylashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Yo‘llarni ta’mirlab, haydovchilar malakasi va texnik xizmat sifatini oshirish avtobuslardan foydalanish muddatini uzaytirishda muhim omil ekanini qayd etdi.
Shavkat Mirziyoyev 2024-yilda Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazganida kelgusi ikki yilda viloyatda tuproq yo‘llar umuman qolmasligi kerakligini aytgandi.
Izoh (0)