O‘zbekiston terma jamoasi va Italiyaning “Roma” klubi futbolchisi Eldor Shomurodov aprel oyining eng yaxshi futbolchisi sovriniga da’vogarlar qatoridan joy oldi. Bu haqda rimliklar matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, 5 nafar futbolchi nomzodlar qatoridan joy olgan. Shomurodovdan tashqari, Mile Sivilar, Matias Sule, Brayan Kristante va Evan N’Dika kabilar aprel oyining eng yaxshi futbolchisi sovrini uchun kurashmoqda. G‘olib nomi ovoz berish natijalari yakunlangach, e’lon qilinadi.
Quyidagi havola orqali ovoz berish mumkin: OVOZ BERISH

Ma’lumot uchun, Shomurodov aprel oyida 4 ta uchrashuvda maydonga tushib, 2 gol va 1 assist muallifiga aylangan. Sovrin uchun kurashda o‘zbekistonlik hujumchiga asosiy raqobatchi deya qaralayotgan Sule uchun o‘tgan oy ancha omadli kelgan. U barcha 4 uchrashuvni deyarli to‘liq o‘tkazgan hamda o‘z hisobiga 2 gol va 1 assist yozdirib qo‘ygan. Svilar esa 4 bahsning 2 tasida o‘z darvozasi dahlsizligini saqlab qolgan. Kristante va N’Dika ham o‘tgan oy faol harakatlari bilan ajralib turdi, lekin jamoasining hech qanday gollarida ishtirok etmagan.
Ma’lumot uchun, “Roma” keyingi uchrashuvni A Seriya doirasida “Fiorentina”ga qarshi o‘tkazadi. Uchrashuv 4-may kuni bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)