Yevropa tashqi harakatlar xizmatiga (YTHX) joriy yil uchun xarajatlarni 43 million yevroga yoki byudjetning taxminan 5 foiziga qisqartirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Tegishli qaror diplomatlarning xarajatlar limitini sezilarli darajada oshirib yuborgani bilan bog‘liq. Bu haqda yevropalik diplomatlarga tayanib, Financial Times xabar berdi.
Diplomatlarga safarlarning bir qismidan voz kechish, ziyofatlarni bekor qilish va o‘z qarorgohlarining xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni keyinga qoldirish buyurilgan. Kelgusi yilda ham Yevropa tashqi harakatlar xizmati byudjetni yanada qisqartishi kutilmoqda. Bu Yevropa Ittifoqining Afrika va Lotin Amerikasi kabi mintaqalarda diplomatik ishtirokini qisqartirishga olib kelishi mumkin.
YTHX kelgusi yil uchun byudjet rejasi “qattiq tejash choralarini” ko‘zda tutishi, bu esa mol-mulkni sotishga va hatto vakolatxonalarni yopishga ham olib kelishi mumkinligini tan olgan. Hozirgi vaqtda YTHX butun dunyo bo‘ylab 145 ta vakolatxonaga ega, jumladan, Vatikan va Barbadosda vakolatxonalari mavjud.
Mas’ullarning so‘zlariga ko‘ra, YTHX byudjet tugashi munosabati bilan BMT bosh assambleyasidagi yillik qabulni bekor qilishga majbur bo‘lgan.
“Bundan tashqari, 50 ga yaqin xorijiy vakolatxonalar xavfsizlik bilan jiddiy muammolarga duch kelmoqda, ammo idorada eshik qulflarini yangilash, derazalarga panjaralar va kuzatuv kameralarini o‘rnatish uchun mablag‘ yo‘q”, — deyiladi xabarda.
Yevropa iqtisodiy komissiyasi bosh kotibi Stefano Sannino mart oyida mablag‘ yetishmasligini va byudjetning 7,1 foizga o‘sishi Yevropa Ittifoqidagi inflatsiya darajasini ham qoplamasligini aytgandi.
Izoh (0)