Fransiyalik olimlar 11 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan odamlarning taxminan 95 foizida uchraydigan akne — teri kasalligini davolash uchun vaksinani sinovdan o‘tkazishni boshladi. U dunyodagi birinchi husnbuzarga qarshi vaksina bo‘lishi mumkin.

Klinik sinovlar Fransiyaning Sanofi farmatsevtika kompaniyasi tomonidan o‘tkazilmoqda. Ular 2027-yilgacha davom etadi. Bu vaqt ichida kompaniya aknesi bor 18 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan 400 ga yaqin kishini sinovdan o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Ulardan ba’zilari dori, boshqalari esa platsebo oladi. Bu natijalarni yaxshiroq taqqoslash, shuningdek, preparatning xavfsizligini aniqlash imkonini beradi. Kompaniya hozircha dori vositasining tarkibini oshkor qilmagan, ammo bu mRNK vaksinasi ekani ma’lum.
U hujayralarga ko‘rsatmalarni yetkazish uchun matritsali RNKdan foydalanadi, bu esa immunitet tizimini ma’lum oqsillarga hujum qilishga undaydi. Sanofi’ning aniqlik kiritishicha, vaksina akne rivojlanishiga hissa qo‘shadigan bakteriya shtammlariga qarshi immunitetni kuchaytirish uchun mo‘ljallangan.
Izoh (0)