25-sentabr kuni Shuhrat G‘aniyev 2011-yildan buyon egallab kelayotgan Farg‘ona viloyati hokimi lavozimini tark etayotgani va O‘zbekiston bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimini egallashi ma’lum bo‘ldi.
Shu kuni uning nomzodi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan bir ovozdan ma’qullandi, holbuki, tayinlov haqida Prezident farmoni bir kun oldin imzolangandi (qonunchilikka ko‘ra, Prezident farmonni deputatlar tasdiqlaganidan so‘ng imzolaydi).
“Gazeta.uz” Shuhrat G‘aniyevning faoliyatidagi yorqin damlarni esga oldi va uning rahbarligi davrida Farg‘ona viloyati qanday o‘zgarganligini tahlil qildi.
“Farg‘ona viloyati uning dunyoqarashi, rejalari va g‘oyalari uchun tor bo‘lib qoldi”
“Gazeta.uz” bilan suhbatda Farg‘ona viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari Muhammadjon Obidov (pnevmoniyaga chalingani sabab lavozimni tark etgan) Shuhrat G‘aniyevning shaxsiy fazilatlari va ish uslubi haqida gapirdi.
“Shuhrat G‘aniyev — kuchli iroda egasi. U juda aqlli, o‘zi o‘rgangan barcha sohalarda qobiliyatli. Iqtisodni iqtisodchidan yaxshiroq biladi. Agrar sohada rahbar lavozimiga ketayotganiga qaramay, u hamma sohalarni yaxshi tushunadi, chunki Xudo unga qandaydir ilohiy kuch bergan. Xotirasi juda o‘tkir. U Ko‘p kitob o‘qiydi, xususan, badiiy adabiyotni”, — degan u.
Sobiq matbuot kotibining ta’kidlashicha, Shuhrat G‘aniyevda yolg‘on gapirganlarni kechirmaslik prinsipi bor.
“Agar ishda xato qilingan bo‘lsa, to‘g‘rilash uchun imkoniyat beradi. Agar xato shaxsiy manfaat uchun o‘z vakolatini suiiste’mol qilish bilan bog‘liq bo‘lsa, kechirmaydi… Shu sababli u uzoq vaqt viloyatga rahbarlik qilib keldi. Farg‘ona viloyatida hech kim G‘aniyev biror narsani o‘z manfaati yo‘lida qilgan, deb aytmaydi”, — degan Muhammadjon Obidov.
Uning aytishicha, sobiq hokim juda mehnatsevar va topshiriq berishdan oldin uni hal qilish mexanizmini tushuntirgan.
“U, shuningdek, tahlilchi hamdir. Bir so‘z bilan aytganda, rus maqolida aytilganidek, “on zdes uje bil ne v svoyey tarelke”. Boshqacha qilib aytganda, viloyat uning dunyoqarashi, rejalari va g‘oyalari uchun tor bo‘lib qoldi. Ko‘lam kichik edi. Shu sababli Prezident qarori juda to‘g‘ri”, — deb ta’kidlagan u.
“Hali ko‘rasiz, u mamlakatda agrosanoatni yuqori darajaga ko‘taradi. Uning g‘oyalari ko‘p. Bu kishi mamlakat eksport tarkibida meva va sabzavotlar ulushi yuqori bo‘lishiga erishadi, chunki Farg‘onada buning uddasidan chiqqan. Bugungi kunda Farg‘ona viloyati qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi. U to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish masalalarida juda ustomon, chet ellik mutaxassislar va rahbarlar bilan juda prinsipial ravishda muloqot qiladi. Ushbu ko‘rsatkich (to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish — tahr. izohi) bo‘yicha Farg‘ona viloyati birinchi o‘rinda turadi. Bularning barchasi Shuhrat G‘aniyevning shaxsiy qobiliyatlari natijasidir”, — deya ta’kidlagan Muhammadjon Obidov.
Sobiq matbuot kotibining aytishicha, Shuhrat G‘aniyevni yangi lavozimga tayinlash to‘g‘risidagi qaror uning Prezident bilan suhbati paytida qabul qilingan.
“Shuhrat G‘aniyev Prezident bilan ochiqchasiga gaplashadi. Uning o‘zi bunday bo‘lishini bilmagandi, hech kim kutmagandi”, — deb ta’kidlagan u.
Muhammadjon Obidovning yodga olishicha, Shavkat Mirziyoyev bosh vazir etib tayinlangan va bir vaqtning o‘zida mamlakat agrosanoat majmuasini boshqargan paytda Shuhrat G‘aniyev 2007—2008-yillarda hukumatning qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va iste’mol tovarlarini qayta ishlash masalalari bo‘yicha axborot-tahlil bo‘limi boshlig‘i bo‘lib ishlagan.
Shuhrat G‘aniyevning bosh vazir o‘rinbosari bo‘lishga yordam bergan yutuqlari
“Xabar.uz” ma’lumotlariga ko‘ra, Shuhrat G‘aniyevni bosh vazir o‘rinbosari lavozimiga tayinlanishida viloyatdagi bir qator ijobiy o‘zgarishlar inobatga olingan. Joriy yilda viloyatda 20 168 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, so‘nggi to‘rt yilda Farg‘ona viloyati davlatga g‘alla sotish rejasini birinchilardan bo‘lib bajardi (har gektar yerdan g‘alla hosili 70 sentnerdan oshirilgan).
Viloyat har gektar maydoni hisobiga 2018—2020-yillarda hosildorlik 8-10 sentnerga oshirilishi hisobiga paxta xomashyosini tayyorlashda respublikada yetakchi. Undan tashqari, viloyatda 9 ta paxtachilik-to‘qimachilik klasterlari samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.
Sanoat sohasida ham ko‘plab yutuqlarga erishilgani qayd etilgan. “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasida 50 dan ortiq korxonalar ishga tushirilgan. Qo‘shma korxonalar soni 500 ga yaqinlashdi.
Viloyatda o‘ndan ortiq oliy o‘quv yurtlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular orasida Koreya xalqaro universiteti, Latviyaning ISMA oliy maktabi filiali ham bor.
Shuhrat G‘aniyev va OAV tanqidlari
Shuhrat G‘aniyev o‘z bayonotlari va harakatlari uchun muntazam tanqidlarga uchrab kelgan. 2018-yilning boshlarida u Aqto‘beda yuz bergan fojia qurbonlarining (jami 52 kishi halok bo‘lgan) ayrimlari yashagan Toshloq tumani aholisini Farg‘ona viloyatini butun O‘zbekistonga sharmanda qilishda ayblagandi. Hokim ularni “haromi” deb atab, Hajga borishini taqiqlagandi.
2018-yilning iyunida Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Prezident Shuhrat G‘aniyevni tanqid qilgan, “Kechirasizlar-u, Farg‘ona viloyati hokimi katta bir kolxoz raisidek. Men bunday odam bilan islohot qila olmayman. Qila olmayman”, — deb aytgandi.
2019-yilning avgust oyi boshlarida Shavkat Mirziyoyev joylardagi buzilish ishlarida zo‘ravonlik siyosatini qoralagan va bunga yo‘l qo‘ygan hokimlar, xususan, Shuhrat G‘aniyevning harakatlarini xiyonat sifatida baholagandi. Shuhrat G‘aniyev buning uchun O‘zbekiston xalqidan kechirim so‘ragan. O‘shanda davlat rahbari uchta hokimning (Farg‘ona, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlari) ishdan olinishi ular uchun vaziyatdan chiqishning “eng oson yechimi” bo‘lishini aytgandi. Ularga vaziyatni to‘g‘rilash, fuqarolarning mulkiy huquqlarini va ularning hukumatga bo‘lgan ishonchini tiklash topshirilgan.
O‘sha yilning avgust oyi oxirida Shuhrat G‘aniyev O‘zbekiston mustaqilligiga 28 yil to‘lishi munosabati “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlagan edi. Zafar Ro‘ziyev esa oradan ikki oy o‘tib Qashqadaryo viloyati hokimi lavozimidan ozod qilingan.
2019-yilning sentabr oyida Shuhrat G‘aniyev yana bir mashmasha diqqat markazida qolgan. Ijtimoiy tarmoqlarda viloyat rahbari erkaklarning soqol qo‘yishi va ayollar ro‘mol o‘rashi borasida qo‘pol gapirgan audio tarqalgan. U bunga qarshi kurashishga chaqirgan va 22-dekabrda o‘tkazilishi rejalashtirilgan saylovlarda shu masalada o‘zini ko‘rsatganlar deputat bo‘lishini aytgan.
Keyinchalik viloyat hokimligi Shuhrat G‘aniyev va hokimiyat mas’ullari “xorijiy ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi fikr va mulohazalarni o‘rganib chiqib, tegishli xulosalar qilgani” haqida xabar bergan.
Voqea yuzasidan 30-sentabr kuni Oliy Majlis Senatining Reglament va odob komissiyasi yig‘ilish o‘tkazib, Shuhrat G‘aniyevning senatorlik faoliyati masalasini ko‘rib chiqdi va uni qattiq ogohlantirib, 3 oy sinov muddati berdi. Markaziy saylov komissiyasi uning deputatlar saylovi haqidagi so‘zlarini asossiz deb atagan.
Dekabr oyi o‘rtalarida ijtimoiy tarmoqlarda ovoz Shuhrat G‘aniyevga mansubligi ta’kidlangan audioyozuv tarqaldi. Unda Quvada elektr energiyasi va gaz yo‘qligi uchun yo‘lni to‘sib chiqqanlar voqeasini ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan ikki bloger “janozasi o‘qilmagani” uchun Quva hokimini tergagan.
Hokimlik audioni qo‘pol montaj deb atagan. Deputat audiodagi gaplarga prokuratura tomonidan huquqiy baho berilishini so‘ragan. Audioni o‘rganib chiqqan Bosh prokuratura unda haqiqatdan ham Farg‘ona viloyati hokimi ovozi ekanligini tasdiqlagan, biroq jinoiy ish qo‘zg‘atish uchun asos topmagan.
2020-yil may oyida Farg‘ona viloyatining Qirg‘iziston bilan chegaradagi So‘x eksklavida chegara hududi aholisi o‘rtasida suv masalasida ziddiyat yuzaga kelgandi. Abdulla Aripovning tuman aholisi bilan uchrashuvi vaqtida Shuhrat G‘aniyev tanqid qilinib, uni hokim lavozimidan ozod qilish talab qilingan.
2-iyun kuni Ijtimoiy tarmoqlarda yana bir audio tarqalgan bo‘lib, unda ovozi Shuhrat G‘aniyevnikiga o‘xshash bo‘lgan kishi “janjalkash” qishloqlarni So‘x tumani xaritasidan o‘chirib tashlashini aytgan. Hokimlikning avvalgi matbuot kotibi Muhammadjon Obidov so‘xliklar noroziliklariga munosabat bildirib, “Reytingi baland hokimlarni ham yoqtirmaydiganlar bor”ligini aytgan.
O‘zbekistonning qator OAVlari So‘x aholisining Shuhrat G‘aniyevdan noroziligi haqidagi maqolalarni o‘chirib tashlagan.
Avgust oyida ommaviy tartibsizlik va hukumat vakillariga bo‘ysunmaslik yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida so‘xliklarni qo‘lga olish boshlangan.
“U ish uslubini o‘zgartirishi kerak bo‘ladi”
“Gazeta.uz”ning hukumatdagi manbasi Shuhrat G‘aniyevning bosh vazir o‘rinbosari lavozimini egallaganiga munosabat bildirgan.
“Ko‘p narsalar buziladigan, ko‘p narsa kechiriladigan, ko‘p narsaga e’tibor berilmaydigan, ko‘p narsa tabiiy qabul qilinadigan viloyat hokimi bo‘lib ishlash boshqa. U yerdagi odamlar bunga ko‘nikkan. Qaysidir hollarda bu portlaydi, lekin mingta voqeadan bittasi yuzaga chiqadi xolos. Toshkentda unga qiyinroq bo‘ladi, chunki u ko‘zga yaqin bo‘ladi. Bundan tashqari, bu yerda duch kelganga ham o‘shqirib bo‘lmaydi”, — degan u.
Barcha tanqidlarga qaramay, “u aslida samimiy inson ... va o‘ta ishchan”, deya qo‘shimcha qilgan manba.
Shuhrat G‘aniyev davrida Farg‘ona viloyatida hayot qanchalik o‘zgardi?
Shuhrat G‘aniyev rasman 2012-yildan hokimlik lavozimiga kirishgan, amalda esa Farg‘ona viloyatiga 2011-yildan rahbarlik qilib kelgan. Uning davrida viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini tahlil qilish uchun “Gazeta.uz” Davlat statistika qo‘mitasining 2011-yildan e’lon qilingan ma’lumotlaridan foydalangan.
2011-yildan 2020-yil yanvar–iyunigacha Farg‘ona viloyatida yalpi ichki mahsulot hajmi 2,45 baravarga — 6,8 trillion so‘mdan (mamlakatning 14 viloyati orasida 5-o‘rin) 16,8 trillion so‘mgacha (4-o‘rin) o‘sdi. Shu bilan birga, o‘sish sur’atlari respublika ko‘rsatkichidan past — 2,6 baravar.
Bu davrda aholi jon boshiga YaHM hajmi 2,1 baravar oshdi — 2,1 million so‘mdan (12-o‘rin) 4,4 million so‘mgacha (11-o‘rin). Bunda ham o‘sish sur’atlari respublika ko‘rsatkichidan past — 2,2 baravar.
Aholi jon boshiga real daromadlar (ma’lumotlarni 2013-yildan boshlab ko‘rish mumkin) 2013—2019-yillarda 2,5 baravar oshdi — 2,6 million so‘mdan (9-o‘rin) 6,9 million so‘mgacha (13-o‘rin), ammo hududlar kesimida Farg‘ona viloyati aholisi kam daromadga ega edi.
2011-yildan 2020-yil birinchi choragiga qadar ishsizlik darajasi 5 foizdan 9,7 foizgacha o‘sdi (butun O‘zbekiston bo‘yicha — 5 foizdan 9,4 foizgacha).
2011—2019-yillarda sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 4,7 baravarga o‘sdi — 4,1 trillion so‘mdan (6-o‘rin) 19,4 trillion so'mga (6-o‘rin), garchi O‘zbekiston uchun ko‘rsatkich deyarli 7 baravarga — 47,5 trilliondan 331 trillion so‘mgacha o‘sgan bo‘lsa-da. Ushbu davrda respublikada sanoat ishlab chiqarishining umumiy hajmida Farg‘ona viloyatining ulushi 8,7 foizdan 5,9 foizgacha kamaydi.
10 yil ichida Farg‘ona viloyatida ta’lim muassasalari soni 38 taga oshdi, ularning umumiy soni 960 taga yetdi. Maktablarda o‘qituvchilar soni (sirtqi o‘qituvchilarni hisobga olgan holda) 42 272 nafardan 52 297 nafargacha, oliy o‘quv yurtlarida esa 1448 nafardan 1605 nafarga ko‘paygan.
2011—2017 yillarda O‘zbekistonda kasalxonalar soni 1181 tadan 1135 tagacha, shu jumladan, Farg‘ona viloyatida 164 tadan 118 taga kamaydi. Ambulatoriya-poliklinika muassasalar soni ham kamaydi — 6354 tadan 5296 tagacha (Farg‘ona viloyatida – 644 tadan 458 tagacha).
2011—2018-yillarda viloyatda onalar o‘limi koeffitsiyenti 100 ming nafar tirik tug‘ilgan chaqaloqqa 25,1 tadan 13,5 tagacha, bolalar o‘limi darajasi (1000 nafar tirik tug‘ilgan chaqaloqqa bir yoshgacha bo‘lgan o‘lim soni) — 12,7 tadan 6 tagacha kamaydi.
Farg‘ona viloyatida 2011—2019-yillarda qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi mahsulotlari (xizmatlari) hajmi 3,9 trillion so‘mdan (6-o‘rin) 19,4 trillion so‘mgacha (6-o‘rin) oshdi.
2011—2019-yillarda ro‘yxatga olingan jinoyatlar soni 8954 tadan 5079 taga kamaydi.
2011—2019-yillarda Farg‘ona viloyatida uy-joy fondining umumiy maydoni 43,7 milliondan 49 million kvadrat metrgacha o‘sgan bo‘lsa, kvartiralar soni 666,3 mingdan 654,9 mingtagacha kamaydi.
Izoh (0)