Mashhur TikTok astrologi Myanmada kuchli zilzilani bashorat qilib, vahima qo‘zg‘atgani uchun hibsga olindi. Bu voqea 3000 dan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan dahshatli zilziladan atigi bir oy o‘tgach sodir bo‘ldi. Bu haqda Daily Mail nashri xabar bermoqda.

Ta’kidlanishicha, ijtimoiy tarmoqlarda 300 mingdan ortiq obunachisi bor Jon Mo Te 9-aprel kuni 12 kundan so‘ng “Myanmaning har bir shahrida” “juda kuchli” zilzila sodir bo‘lishidan ogohlantirgan.
“Odamlar kun davomida baland binolarda bo‘lmasliklari kerak”, deya ta’kidlandi uning 3,3 million marta ko‘rilgan videosiga qo‘yilgan izohda. Shuningdek, kuzatuvchilariga muhim narsalarni o‘zlari bilan olishni va binolardan uzoqroq turishni maslahat berdi.
Ma’lum qilinishicha, video aholi orasida vahima to‘lqinini keltirib chiqargan. Ayniqsa, yaqinda sodir bo‘lgan vayronkor zilzila fonida bu bashorat jiddiy ta’sir ko‘rsatgan.

Myanma harbiy hukumati bayonotida ta’kidlanishicha, 21 yoshli Jon Mo Te seshanba kuni ertalab Moniva shahrining markazidagi uyida o‘tkazilgan reyd paytida hibsga olingan.
“Biz TikTok akkauntidan kuchli zilzila sodir bo‘lishi haqida tarqatilgan soxta xabarlar haqida ma’lumot oldik. Unga nisbatan qonunga muvofiq samarali choralar ko‘riladi. Xuddi shunday, biz soxta xabarlarni yozuvchi, tarqatuvchi yoki ulashuvchilarga nisbatan ham samarali choralar ko‘ramiz”, deyiladi bayonotda.
Rasmiylar, shuningdek, soxta xabarlarni yaratish yoki tarqatishda ishtirok etgan har bir kishiga ham shunday munosabat bo‘lishi haqida ogohlantirdi. Qamoqqa olinganidan so‘ng astrologning TikTok’dagi akkaunti o‘chirib tashlandi.
Myanmada 28-mart kuni 7,7 va 6,4 balli kuchli zilzilalar yuz berdi. Oqibatda 4 mingga yaqin aholi halok bo‘ldi, 10 minglab fuqarolar jarohatlandi.
Izoh (0)