UEFA Chempionlar Ligasi chorak final bosqichi javob bahslari doirasidagi so‘nggi ikki uchrashuv bo‘lib o‘tdi. “Real” Madridda “Arsenal”ga qarshi bahs olib borgan bo‘lsa, “Inter” Milanda “Bavariya”ni sinovdan o‘tkazdi.

Italiyada kechgan bahsda muxlislar 4 ta gol guvohiga aylanishdi. Uchrashuvdagi hisob 52-daqiqada mehmonlar hujumchisi Harri Keyn tomonidan ochildi. 58-daqiqada Lautaro Martines tablodagi natijani tenglashtirdi. Oradan 3 daqiqa o‘tib, milanliklar hisobda oldinga chiqib oldi. Gol muallifi — Benjamin Pavar. 76-daqiqada Myunxen klubi Erik Dayerning goli evaziga yana hisobni tenglashtirdi.
Uchrashuvning qolgan vaqtlari ham qizg‘in kurashlarga boy o‘tdi, lekin darvozalarga boshqa to‘p kiritilmadi. Ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 4:3 hisobida g‘alaba qozongan “Inter” yarim final yo‘llanmasiga ega chiqdi. “Bavariya” esa musobaqa bilan xayrlashdi.
Madriddagi bahsda ko‘plab muxlislar kutganidek kambek bo‘lmadi. London klubi o‘yinning dastlabki daqiqalaridan ancha ishonchli harakat qildi. Uchrashuvning ilk bo‘limida darvozalarga gol kiritilmadi.
Ikkinchi taymning 65-daqiqasida “Arsenal” hisobda oldinga chiqib oldi. Bukayo Saka o‘zi boshlagan hujumni gol bilan yakunlab, Tibo Kurtua darvozasini ishg‘ol qildi.
Oradan ikki daqiqa o‘tib, “kanonirlar” himoyachisi Vilyam Saliba qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi. Futbolchi darvozasiga yaqin joyda to‘pni Vinisiusga oldirib qo‘ydi va “Real”ning brazilyalik futbolchisi vaziyatdan unumli foydalanib, London klubi darvozasini ishg‘ol qildi. Uchrashuv 1:1 hisobida tugashga yaqin turgan edi, lekin 90+3-daqiqada tezkor qarshi hujum uyushtirgan Mikel Arteta jamoasi “qirollik klubi”ni yana jazoladi. Gabriel Martinelli jamosining o‘yindagi ikkinchi golini kiritib, “Arsenal” javob uchrashuvida ham g‘alaba qozonishida yordam berdi.
Shu tariqa Madriddagi bahs 2:1 hisobida London klubi foydasiga hal bo‘ldi. “Arsenal” ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, 5:1 hisobida g‘alaba qozonib, keyingi bosqich masalasini hal qildi. “Real” musobaqani shu bosqichda yakunlashga majbur bo‘ldi.
YCHL
Chorak final, javob bahslari
16-aprel, chorshanba
“Inter” — “Bavariya” 2:2 (umumiy hisob — 4:3)
Gollar: 0:1 — Harri Keyn (52), 1:1 — Martines (58), 2:1 — Pavar, 2:2 — Dayer (76).
“Real Madrid” — “Arsenal” 1:2 (umumiy hisob — 1:5)
Gollar: 0:1 — Saka (65), 1:1 — Vinisius (67), 1:2 — Martinelli (90+3)
Izoh (0)