Rossiyaning Samara viloyatida O‘zbekiston fuqarolarini olib ketayotgan avtobus YTHga uchrashi oqibatida 2 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda viloyat YHXB matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea 8-aprel kuni soat taxminan 01:00 (Toshkent vaqti bilan 02:00) da Samaraning Kinel tumanida sodir bo‘lgan. Qozog‘istonda ro‘yxatdan o‘tgan Scania rusumli avtobus O‘zbekiston fuqarolarini Nijniy Novgorodga olib ketayotganida ag‘darilib ketgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida ikki yo‘lovchi voqea joyida halok bo‘lgan, yana 10 kishi kasalxonaga yotqizilgan.
Xabarda qayd etilishicha, haydovchi avtobusni yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlamaydigan tezlikda boshqargan. Ayni paytda hodisa joyida tergov-tezkor guruhi ishlamoqda, politsiya xodimlari avtohalokatning barcha sabablarini aniqlashda davom etmoqda.
Yanvar oyida Rossiyaning Penza viloyatida yuz bergan YTH oqibatida 7 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgandi. 3-aprel kuni Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida sodir bo‘lgan avtohalokatda 8 nafar O‘zbekiston fuqarosi vafot etdi. Ularni jasadlari Mudofaa vazirligining maxsus samolyotida olib kelindi.
Izoh (0)