Ukrainaga qarshi urushda halok bo‘lgan rossiyalik harbiylar soni 100 mingdan oshdi. Bu haqda BBC rus xizmati va “Mediazona” nashrlari ochiq manbalarga, jumladan, ko‘rsatma va nekrologlarga tayanib xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlarning qariyb 25 foizini ko‘ngillilar, 16 foizdan ortig‘ini esa mahbuslar tashkil qiladi. Qurbonlarning 11 foizi urushga safarbarlik doirasida jalb qilinganlar ekani aytilmoqda.
Ukrainadan tobutda qaytganlar orasida 4800 dan ortiq ofitser ham bor. Urushning dastlabki oylarida zobitlar umumiy yo‘qotishning 10 foizini tashkil qilgan bo‘lsa, 2023-yil oxiriga kelib bu ko‘rsatkich 2-3 foizga tushgan. Manbada bu Rossiya Mudofaa vazirligi ko‘ngillilarni yollash hajmini oshirgani bilan izohlangan.
Hududlar kesimida olib qaralsa, eng ko‘p yo‘qotish Boshqirdiston (4487 kishi) va Tatariston (4371 kishi)ga to‘g‘ri keladi. Moskva va uning atrofida yashovchilar bilan esa bu ko‘rsatkich 4091 nafarni tashkil etadi. Bundan tashqari, halok bo‘lganlar orasida 323 nafar chet el fuqarosi ham bor. Yana 333 nafar jasadning millati noma’lumligicha qolmoqda.
BBC rus xizmati va “Mediazona” hisob-kitobiga ko‘ra, qurbonlar ro‘yxati faqat tasdiqlangan ma’lumotlarga asoslangan bo‘lib, haqiqiy raqamlar bundan ikki baravar ko‘p — 200 mingdan oshgan bo‘lishi mumkin. Rossiya Mudofaa vazirligi esa Ukrainadagi yo‘qotishlari haqida deyarli izoh bermaydi.
Izoh (0)