Meksikada hukmron Morena partiyasidan nomzod Klaudiya Sheynbaum, ekzitpol natijalariga ko‘ra, prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonmoqda. Bu haqda Euronews xabar berdi.
Klaudiya Sheynbaum 57 foizdan ortiq ovoz bilan Meksikadagi prezidentlik saylovlarida yetakchilik qilmoqda. Meksika Markaziy saylov komissiyasining yakuniy saylov natijalari 5—8-iyun kunlari e’lon qilinadi.
Gender zo‘ravonlik keng tarqalgan va ayollar faqat 1953-yildagina ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan mamlakatda ijro hokimiyatini ilk marta ayol kishi boshqarishi kutilmoqda, — deyiladi xabarda.
Konstitutsiyaga ko‘ra, amaldagi davlat rahbari Andres Manuel Lopes Obrador ikkinchi olti yillik muddatga qayta saylana olmaydi. 2-iyun kuni bo‘lib o‘tgan saylov uchastkalarida xavfsizlikni ta’minlash uchun 27 ming askar va Milliy gvardiya xodimlari safarbar qilingan.
Narkokartellar va boshqa jinoiy tashkilotlar saylovdan keyin ham o‘z taʼsirini saqlab qolish umidida barcha partiyalarning nomzodlariga bosim o‘tkazmoqda.
EL PAIS Mexico nashriga ko‘ra, saylovoldi tashviqoti davomida turli lavozimlarga nomzod bo‘lgan 37 nafar ishtirokchi halok bo‘lgan. Laboratorio Electoral ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili siyosatchilarga nisbatan jami 320 dan ortiq hujumlar sodir etilgan.
Izoh (0)