Suriya prezidenti Bashar al-Asadning rafiqasi Asma al-Asadga oqqon kasalligi tashxisi qo‘yildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 48 yoshli Asma uni izolyatsiya qilishni talab etadigan maxsus davolanish protokoliga amal qiladi.
Bir qator klinik belgilar kuzatilganidan va qator tekshiruvlardan so‘ng birinchi xonim Asma al-Asadga o‘tkir miyelogen leykemiya (oqqon) tashxisi qo‘yildi. Birinchi xonim infeksiyani oldini olish bo‘yicha qat’iy choralar va tegishli ijtimoiy masofani o‘z ichiga olgan maxsus davolash protokoliga amal qiladi. Davolanish rejasining bir qismi sifatida bevosita aloqalardan vaqtincha voz kechadi, — deyiladi xabarda.
2019-yil avgust oyida Suriya prezidenti rafiqasi erta aniqlangan ko‘krak bezi saratonidan to‘liq tuzalganini aytgandi. Suriyaning birinchi xonimiga saraton tashxisi qo‘yilgani ilk bor 2018-yil avgust oyida ma’lum bo‘lgandi.
Asma Asad 1975-yil 11-avgustda Londonda tug‘ilgan. Oilaning kelib chiqishi Suriyaning Homs shahridan. Uning otasi maslahatchi kardiolog, onasi esa nafaqadagi diplomat. Asma 2000-yil noyabrida Suriyaga qaytib, dekabrda Bashar al-Asadga turmushga chiqqan. Ularning uch nafar farzandi bor: Hofiz, Zayn va Karim. Asma Asadning ota-onasi Buyuk Britaniyada yashaydi.
Izoh (0)