Pokiston harbiylari 17-may kuni Afg‘oniston sharqidagi Xost va Paktika viloyatlariga hujum uyushtirgan. Bu haqda mahalliy manbalarga tayanib, Tasnim News nashri xabar berdi.
Manbada aytilishicha, hujumda asosan turar joy inshootlari nishonga olingan. Bir qancha afg‘on fuqarolari halok bo‘lgan va jarohatlangan.
Pokiston askarlarining artilleriya hujumi natijasida Paktika viloyatining Dandpatan shahrida masjid vayron bo‘lgani xabar qilingan. Shuningdek, raketa hujumi oqibatida besh nafar ayol va bir bola halok bo‘lgan. Jarohatlangan besh nafar fuqaro mahalliy kasalxonaga olib ketilgan.
Rasmiylar ikki mamlakat o‘rtasidagi ramziy Durand chizig‘ida faol to‘qnashuvlar yuzaga kelganini bildirgan. Chegaraga yaqin aholi hududlaridan qisman fuqarolarni evakuatsiya qilish boshlangan.
Pokiston hukumati Xost va Paktikaga hujumlar borasida izoh bermagan. Kobuldagi hukumat Pokiston harbiylarini chegara hududini buzishda ayblagan.
Bundan oldin, 2024-yil 18-mart kuni Pokiston harbiy-havo kuchlari Afg‘onistonning sharqiy chegarasidagi ikki viloyatga hujum uyushtirgan edi. Razvedka maʼlumotlariga tayangan Pokiston harbiylari muhim strategik harbiy nuqtalarga zarba bergan.
O‘sha hujumda Afg‘oniston rasmiylari besh nafar ayol va 3 bola halok bo‘lganini aytgan. Pokiston bu daʼvolarni rad etgan.
Izoh (0)