Aholiga gaz ishlab chiqarilgan narxidan arzon sotilishi hisobiga ko‘rilgan zarar davlat byudjetidan qoplab kelinadi. 2025-yil uchun ushbu maqsadga 7 trln so‘m ajratilishi belgilangan. Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabariga ko‘ra, yanvar-iyun oylarida mazkur mablag‘ to‘liq to‘lab bo‘lindi.

2025-yil I yarmida O‘zbekistonning umumiy davlat byudjeti daromadlari 209,1 trln so‘mni, xarajatlari 241,7 trln so‘mni tashkil etdi.

Chiqimlarning 62 trln so‘mi davlat xodimlari ish haqlariga yo‘naltirilgan. Taʼlimga 42,5 trln so‘m, sog‘liqni saqlashga 19,4 trln so‘m, Pensiya jamg‘armasiga 10,3 trln so‘m ajratilgan.

Yarim yilda byudjetdan subsidiyalarga 15 trln so‘m, ijtimoiy nafaqalarga 11,4 trln so‘m to‘langan.
Davlat qarzi foiz to‘lovlariga 8,66 trln so‘m ajratilgan. Taqqoslash uchun, mazkur to‘lov miqdori o‘tgan yil mos davrida 7 trln so‘m bo‘lgan.

Sog‘liqni saqlash sohasi xodimlariga olti oylik ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar 5,1 trln so‘m bo‘lgan. Solishtirish uchun, 2024-yil mos davrida bu miqdor 9,3 trln so‘m edi. Sohadagi Moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armasiga xarajatlar 450,8 mlrd so‘mni tashkil etgan (o‘tgan yil mos davrida 731,5 mlrd so‘m).
“Joriy yildan boshlab oltita hududdagi sog‘liqni saqlash muassasalari Tibbiy sug‘urta jamg‘armasidan moliyalashtirishga o‘tilgani sababli ularning barcha xarajatlari boshqa xarajatlar tarkibida ko‘rsatilgan”, deya kamaygan chiqimlarga izoh bergan vazirlik.

Olti oy ichida issiqlik taʼminot korxonalari uchun 1,6 trln so‘m, jamoat transportiga 1,1 trln so‘m, xususiy bog‘chalarga 1,8 trln so‘m subsidiya ajratilgan.
Doimgidek, subsidiyalarning eng katta qismi energetikaga berilmoqda. Yanvar-iyun oylarida mazkur sohaga jami 8,9 trln so‘m subsidiya yo‘naltirilgan. Shundan qariyb 7 trln so‘mi gaz oldi-sotdisidan ko‘rilgan zararni qoplashga to‘langan. Byudjet qonunchiligida gazga butun 2025-yil uchun 7 trln so‘m ajratilishi belgilangan. Biroq eʼlon qilingan statistika raqamlardan olti oyda mazkur miqdor to‘liq to‘lab yuborilganini ko‘rish mumkin.
2024-yil 18-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Senat yalpi majlisida bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov gazga subsidiya berish qachon to‘xtatilishini aytgandi.
“Subsidiyalash 2025-2026-yillarda ham davom etadi, 2027-yil keskin pasayadi, 2028-yildan boshlab subsidiyalar byudjetdan berilmaydi”, degan hukumat vakili.
Biroq bu gap amalga tasdiqlanmadi. So‘ngi maʼlumotlarga ko‘ra, 2026-yilda gazga davlat byudjetidan 5,9 trln so‘m, 2027-yilda 5,5 trln so‘m, 2028-yilda 5 trln so‘m subsidiya beriladi. Yaʼni 2028-yilda ham subsidiyalash to‘xtatilmaydi. Biroq narxlar ko‘tarilishda davom etadi. Mamlakatda elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari har yili 1-maydan bir marotaba yillik inflyatsiya darajasidan kelib chiqqan holda, 10 foizdan yuqori bo‘lmagan miqdorda oshirib borish belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yilning dastlabki olti oyida ham yillik gaz subsidiyasining katta qismi (9,3 trln so‘m) to‘lab berilgandi. Bunga asosiy sabab sifatida aholi, sanoat, korxonalarga yetkazib beriladigan gaz uzilishlarini oldini olishdan iboratligi aytilgan.
Izoh (0)